Bugungi kunda Navoiy viloyatida turizm salohiyatini targ‘ib qilish, hududlarning imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalangan holda turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Qiziltepa tumani To‘dako‘l suv havzasi atrofida turizm zonalar barpo etish borasida bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– To‘dako‘l suv ombori atrofida 2020-2024 yillarda xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan umumiy qiymati 50 milliard so‘mlik 11 ta loyiha ishga tushirilib, kuniga 2000 nafar sayyoh qabul qilish imkoniyati yaratilgan, – deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Xudoyberdiyeva. – Bugungi kunda To‘dako‘l suv havzasi atrofida umumiy loyiha qiymati 20,2 milliard so‘m bo‘lgan ikkita dam olish maskani faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, “To‘dako‘l” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish hamda suvda dam olish va sohil bo‘yi (plyaj) turizmini rivojlantirish orqali suv havzasi atrofidagi hududlarning mavjud turistik salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoitlarni yaratish, xalqaro umummavsumiy kurortlar, mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilmasi ob’ektlarini barpo etish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
“To‘dako‘l” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilgandan keyin 90 gektar yer maydonida bir vaqtning o‘zida 7000 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatuvchi umumiy qiymati 390 milliard so‘m bo‘lgan mehmonxonalar majmuasi, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilmasi ob’ektlari barpo etiladi. Loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 1550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
[gallery-23433]
Yangi ish boshlagan dam olish maskani loyiha qiymati 9 milliard so‘m bo‘lib, 10 ta 4 o‘rinli kemping, 80 dan ortiq kunlik foydalanish uchun so‘rilar hamda sohil bo‘yida dam olish, cho‘milish imkoniyatlari mavjud. 2026 yilda esa yana 50 o‘rinli mehmonxona, sauna va basseyn ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari