Vatanimiz tarixidagi 18 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
May oyining uchinchi yakshanbasi – O‘zbekiston Respublikasi kon-metallurgiya sanoati xodimlari kuni. Ushbu kun mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlashda kon-metallurgiya sanoatining ahamiyati muhimligini e’tiborga olib, ko‘p ming kishilik jamoalarining kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirish hamda kadrlar tayyorlashga qo‘shgan hissalarini qayd etgan holda 2001 yil 12 maydagi qonun asosida belgilangan. Mazkur soha xodimlari o‘z kasb bayramlarini ilk bor o‘sha yili 20 mayda nishonlaganlar.
1906 yil (bundan 119 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Dean Subbotich Turkiston shahrida joylashgan Ahmad Yassaviy masjidini ta’mirlash uchun zarur mablag‘ ajratishga yordam berishni so‘rab, Imperator arxeologiya hay’atiga murojaat qildi. Biroq uch oydan so‘ng uning o‘rnini Nikolay Grodekov egalladi. Imperator Arxeologiya hay’atining raisi graf A.Bobrinskiy Turkiston general-gubernatori vazifasini bajaruvchisi N.Grodekovga 1906 yil 14 dekabrda yozgan xatida sobiq Turkiston general-gubernatorning iltimosi bo‘yicha quyidagilarni bayon etadi:
“Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra bu ish uchun 40–50 ming so‘m talab qilinadi. O‘z byudjetida qadimgi buyumlarni ta’mirlash uchun yetarli mablag‘ bo‘lmaganligi sababli Imperator arxeologiya hay’ati badiiy akademiya, Ichki ishlar vazirligi va boshqa bu masalaga manfaatdor tashkilotlar bilan birga ilmiy asosda ta’mirlash masalasini muhokama qilishi mumkin, lekin masjidni ta’mirlashga moddiy yordam ko‘rsata olmaydi. Albatta, hay’at ta’mirlash uchun zarur miqdordagi pulni so‘rab hukumatga murojaat qilishi mumkin, ammo hozirgi vaqtda bunday iltimosning muvaffaqiyatli hal bo‘lishiga hech qanday umid yo‘q”.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Yosh xivaliklar partiyasining yetakchilari Husaynbek Matmurod devonbegi o‘g‘li, Ishoqxo‘ja Ibroximxo‘ja o‘g‘li, Abdusalomxo‘ja Islomxo‘ja o‘g‘li, Tolib Maxsum Avazxo‘ja o‘g‘li Xiva xoni buyrug‘i bilan Junaidxonning o‘g‘li Eshshi (Eshim) tomonidan qumda Qurtko‘l degan joyda qatl qilindi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosi qarori asosida Markaziy Qo‘mita apparatida xotin-qizlar o‘rtasida ishlar bo‘yicha bo‘lim va bo‘lim mudiri, viloyat, shahar va tuman partiya qo‘mitalarida ham xotin-qizlar bo‘limi lavozimi joriy etildi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – Toshkent viloyatidagi Bo‘ka, Samarqand viloyatidagi Ishtixon tumanlari tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bo‘ka nomi ayrim toponimchilarning fikricha, turkiy xalqlarning bir urug‘i bo‘ka (bo‘ke) nomidan olingan deb taxmin qilinadi. Bundan tashqari turkiychada “zo‘r”, “kuchli”, “pahlavon” ma’nolarini anglatuvchi bo‘ka so‘zi tarixda turli an’anaviy bayram va tantanali marosimlar chog‘ida o‘tkaziladigan pahlavonlar musobaqasida qatnashuvchi kurashchi, polvon ma’nolarini ham anglatadi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo-desant qo‘shinlari, harbiy-transport aviatsiyasi, razvedka va ta’minot qismlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Surxondaryo viloyatidagi Bandixon tumani tashkil etildi. Tuman hududida bir qancha qadimgi qo‘rg‘on qoldiqlari topilgan. Bulardan eng yirigi miloddan avvalgi ikkinchi – birinchi asrlarga oid Bandixon qo‘rg‘oni hisoblanadi. U arxeologlar tomonidan 1973 yilda aniqlangan.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vena konvensiyasi va Monreal protokolida o‘zining ishtiroki bo‘yicha huquq va majburiyatlarini tasdiqladi va mazkur hujjatlarga qo‘shilishdan kelib chiquvchi majburiyatlarni o‘z bo‘yniga oldi. Tarixchi Sherali Allaberganovning qayd etishicha, O‘zbekiston Vena konvensiyasi va Monreal protokoli doirasida belgilangan majburiyatlarni bajargan bo‘lib, 99,9 foiz azon qatlamini yemiruvchi moddalar muomaladan chiqarilgan. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ozonni muhofaza qilish kotibiyati tomonidan alohida e’tirof etilgan.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – Shahrisabzdagi Amir Temur nomidagi madaniyat muzeyida ramziy Tinchlik ustunining o‘rnatilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Quvayt Davlatida O‘zbekiston Respublikasining elchixonasini ochish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2005 yil (bundan 20 yil oldin) – qator nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbusi bilan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni, “«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Buyuk ipak yo‘li» xalqaro folklor musiqa festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va «Elektron hukumat» tizimi infratuzilmalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risida” maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiyani ishlab chiqishda AQSH, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon kabi dunyodagi nufuzli davlatlar, jami 50 mamlakat hammuallif sifatida ishtirok etgani bu tashabbus jahon hamjamiyatida qanday katta kiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA