Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining uzunligi 42,4 ming kilometrdan iborat. Shu jumladan, qattiq qoplamali yo‘llar uzunligi 41,9 ming kilometr (jamiga nisbatan 98,9 %)ni tashkil qilgan.
Xo‘sh, hududlarda yo‘llar sifatini yaxshilash maqsadida qanday ishlar qilinmoqda?
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Navoiy viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tarkibidagi Konimex tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan xalqaro ahamiyatga ega A379 “Navoiy – Uchquduq” avtomobil yo‘lining 56—57-kilometrlari oralig‘ida piyodalar yo‘lagini qurish va eskirgan yo‘l belgilarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur viloyat bo‘yicha “Tashabbusli byudjet” dasturining 2025 yil birinchi mavsumida eng ko‘p ovoz olgan hududlarning ichki ko‘chalarida asfalt yotqizish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsi mahallasi ko‘chalarining 2,8 kilometr qismiga “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida asfalt qoplamasi yotqizilmoqda. Ayni kunlarda Namangan Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi buyurtmasi asosida “Rubin BIA” MCHJ tomonidan Axsi mahallasi hududida joylashgan Ilg‘or, Madad, Gulobod, Ixlos va Ko‘tarma ko‘chalariga asfalt yotqizish ishlari bajarilmoqda. Bu kabi ishlar “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib bo‘lgan barcha hududlarda davom etmoqda.

Buxoro viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tarkibidagi Olot tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan Xosabo‘yi va Qumkashon mahallalarini birlashtirib turuvchi 80V159 “Chovdur q.–Bahrombayot q.–Hasanyor q.–Salaqorovul q.–Burjoq q.–Qo‘ng‘irot q.” avtomobil yo‘lining 12—14-kilometr qismlari oralig‘ida ta’mirlash, ya’ni asfalt qoplamasini yotqizish ishlari to‘la yakuniga yetkazildi. Natijada hududda istiqomat qiluvchi aholi va shu hududdan qatnovchi avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, tumanning Xosabo‘yi, Qumkashon, Bayot hamda Katta Bayot mahallalari aholisi uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.

2025 yilgi ta’mirlash dasturiga muvofiq, Qorako‘l tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan Davlat ahamiyatidagi D185 “Qorako‘l sh.–Tashabbus q.–Yangibozor q.–Xo‘jadavlat temir yo‘l stansiyasi” avtomobil yo‘lining 14–15-kilometrlari oralig‘iga asfalt qoplamasi yotqizildi. “Buxoro yo‘l xo‘jaligi xodimlari malakasini oshirish ilmiy-tadqiqot ishlab chiqarish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan ushbu asfalt ishlaridan namuna olinib, sifat ko‘rsatkichlari tekshirilmoqda.

Xorazm viloyatida ham bu kabi amaliy ishlar jadal davom etmoqda. Xususan, viloyatda davlat ahamiyatidagi D223 “Urganch-Gurlan” avtoyo‘li - Turkmaniston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining Gurlan tumani hududidan o‘tuvchi qismi avtotransport vositalarining ko‘p yillik muntazam qatnovi hamda turli darajadagi tabiiy ofatlar natijasida ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Xorazm viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tomonidan haydovchi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu D223 avtomobil yo‘lida joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani hududidan o‘tgan 95V115B “Qo‘ng‘irot suv omboriga D231 avtomobil yo‘li (17 km dan)” avtomobil yo‘lining 11–13-kilometrlari oralig‘ida asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar Qo‘ng‘irot TYFDM tomonidan amalga oshirilib, ta’mirlash ishlariga 10 ta maxsus texnika va 18 nafar ishchi-xodim jalb qilingan. Mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu avtomobil yo‘lining ta’mirlanishi mahalliy aholi uchun ham, hudud iqtisodiyoti uchun ham beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Joylarda yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA