Bugun, 17 may kuni mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport tizimiga o‘zgacha shukuh olib kirishi kutilayotgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” ommaviy sport musobaqalari boshlanadi.
Uch bosqichdan iborat sport o‘yinlarining ilk musobaqalari mintaqalarda tashkil etiladi.
Unda o‘zbek sportining kelajagi bo‘lgan 15-17 yoshli navqiron avlod vakillari dzyudo, boks, taekvondo WT, og‘ir atletika, yunon-rum kurashi, erkin kurash, yengil atletika, stol tennisi, badiiy gimnastika, 3x3 basketbol yo‘nalishlarida bahslarga kirishadi.

Milliy sportimizni yuksaltirishning yangi burilish nuqtasi bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari turli sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun iqtidorli yoshlarni saralashda katta tanlov maydoni bo‘lishi bilan birga, yurtimizda ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirishga mustahkam zamin yaratadi.
Kuni kecha Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, musobaqalarda belgilangan yosh toifasidagi istalgan o‘g‘il-qizlar ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sherzod Toshmatov nega aynan mazkur sport turlari tanlab olingani, ro‘yxatdan o‘tish tartibi, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash, tegishli imtiyozlar masalasi, musobaqalarni tashkil etish jarayonlari xususida so‘z yuritdi.
Aytish lozim, joriy yil fevral oyida davlatimiz rahbari raisligida Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur masalaning tub mohiyati o‘zbek sportining yangi avlodini kamolga yetkazish bilan bir qatorda, milliy genofondni sog‘lomlashtirishga qaratilgani aytib o‘tilgan edi.
Videoselektor yig‘ilishida Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va yo‘naltirish uchun o‘ziga xos “seleksiya bazasi”ni vujudga keltirish uchun ilg‘or xorijiy tajriba va chuqur ilmga asoslangan metodika yaratish, hududlarda olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarini o‘tkazish dasturini ishlab chiqish, uning final musobaqasi - “Prezident Olimpiadasi”ni yil yakunida Toshkentda tashkil etish vazifasi belgilangan.
Bugun boshlanayotgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirishga, yuzlab yoshlar qalbida “men ham chempion bo‘laman”, degan shijoatni jonlantirishi bilan e’tiborli.
“Sog‘lom inson – sog‘lom millat” umummilliy harakatining bir bo‘g‘ini bo‘lib katta maydonga kirib kelgan o‘ziga xos sport bayrami - “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari qizg‘in o‘tishi shubhasiz.
Kelajakda mazkur sport tizimida toblangan, yurt olqishini olgan yuzlab yosh sportchilarimiz Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov, Akbar Jo‘rayev, Hasanboy Do‘smatov, Eldor Shomurodov, Svetlana Osipova, Diyora Keldiyorovadek jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida Vatan dovrug‘ini dunyoga doston etsa, ne tong.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA