Vatanimiz tarixidagi 17 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1405 yil (bundan 620 yil oldin) – Hirotda mashxur imom va voiz mavlono Jaloliddin Mahmud xalloj vo’iz Hiraviy vafot etdi. U Hirotning Xiyobonida dafn etilgan. Tarixchi olim Fasih Ahmad Xavofiyning qayd etishicha: “U yaxshi va’zlar o‘qir edi, ularda katta olomon yig‘ilar edi. Uni Amir sohibqiron buyrug‘iga binoan ko‘chirdilar, u o‘sha Samarqandda ko‘zdan ajraldi. Shunda unga boshqa va’z o‘qimaslik sharti bilan [Hirotga] jo‘nab ketishga ruxsat berdilar. U shu yilning o‘zida vafot etdi”.
1417 yil (bundan 608 yil oldin) – temuriylar hukmdori Shohrux Mirzo o‘z saroyiga bundan bir necha oy oldin kelgan Xitoy elchilariga ziyofat tuzib, in’omlar berib, sovg‘a-salomlar tayin qildi va elchilar yurtlariga qaytishga ijozat oldilar. Tarixchi olim Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, elchilarning boshliqlari Bi-Bochin, Tu-Bochin, Jot-Bochin va Tatq-Bochinlar uch yuz otliq bilan birga sovg‘a-salomlar, shunqorlar, atlas va kimxoblar, targ‘u, chinni asboblar va boshqalardan iborat ko‘p hadyalar, shahzodalar va og‘olar uchun esa alohida18 podshohona hadyalar keltirgan edilar.
1875 yil (bundan 150 yil oldin) – Toshkentda o‘quv ishlari bo‘yicha bosh boshqarma joriy etildi. Boshkarma o‘kuv ishlari bosh inspektori va devonxonadan iborat edi. Turkiston o‘lkasi o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi inspektori etib Sankt-Peterburg universiteti Sharq fakulteti nomzodi, davlat maslahatchisi Aleksandr Kun saylangan. Turkistonda O‘quv ishlari bo‘yicha bosh boshqarma tashkil etilgandan so‘ng rus va mahalliy aholi ta’limi uchun mo‘ljallangan turli xil ta’lim muassasalari tashkil etila boshlandi. Avvalo, o‘lkadagi rus aholisi manfaatlariga xizmat qiluvchi muassasalar joriy etildi.
1898 yil (bundan 127 yil oldin) – Andijon qo‘zg‘oloni rahbari Muhammadali eshon (Dukchi eshon) xalqqa murojaat qilib, ularni Rossiya imperiyasi mustamlakachilariga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga da’vat etdi. Qo‘zg‘olonchilar dastlab Andijon harbiy lageriga hujum qildilar. Marg‘ilon va O‘sh uyezdlaridagi harbiy garnizonlarga hujum uyushtirish esa amalga oshmay qoldi. Chunki imperiya amaldorlari bundan xabar topib, mudofaa uchun zarur choralarni ko‘rib ulgurdilar. Qo‘zg‘olon haqidagi xabarlar Namangan uyezdi va Yettisuv viloyatiga ham etib bordi va bu yerdagi aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Qo‘zg‘olon garchand imperiya mustamlakachilari tomonidan bostirilgan bo‘lsa-da, bu ozodlik kurashining yorqin namunasi bo‘lib qoldi.
1908 yil (bundan 117 yil oldin) – Xiva xonligi madaniyatiga qiziqqan turkiyshunos olim Aleksandr Samoylovich shu kundan boshlab 2 iyulgacha 45 kun davomida xonlik hududi bilan tanishdi. U Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz bilan ham uchrashib, uni shunday tasvirlaydi:
“...hozir hukmdor bo‘lib turgan Sayid Muhammad Rahim ikkinchi ma’rifatli xondir. U Xivadagi fan va san’atning homiysi hisoblanadi va mamlakatini ilmiy o‘rganishimga astoydil yordam berishini izhor qildi. Xiva xoni hatto o‘zining shaxsiy kitob xazinasiga kirishimga ijozat berdi. Men uning ark va Tozabog‘dagi kutubxonalariga ikki marta tashrif buyurdim. E’tiborimni asosan turkiy tildagi qo‘lyozmalarga karatdim. Ikki marta Tozabog‘dagi xon bosmaxonasini ko‘zdan kechirdim”.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – mayda sanoat korxonalari va kosibchilik ustaxonalarini rivojlantirish haqida dekret qabul qilindi. Davlat korxonalari xo‘jalik hisobiga o‘tkazildi. Bu esa korxonalarning o‘z-o‘zini moliyalashtirish, o‘z-o‘zini boshqarish imkonini berdi. Xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ruxsat berildi. Xususiy kapital uchun ham bir oz erkinliklar yaratildi, xususan, ulgurji-chakana savdoda xususiy kapitalga imkon berildi, ammo tashqi savdo va ulgurji savdoda davlat monopoliyasi to‘liq saqlanib qoldi.
1947 yil (bundan 78 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva tavallud topdi (vafoti 2018 yil). U o‘zbek she’riyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar – sevgi va sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. Halima Xudoyberdiyeva dastlabki she’riy to‘plamlaridan boshlab o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning to‘laqonli va faol a’zolari, balki shu jamiyatning ko‘rki va bezagi ekanligini uqtirishga intildi. U 2017 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkent–Samarqand yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Shu kuni Samarqand vokzaliga birinchi elektropoyezd kirib keldi. Jizzaxdan Samarqandgacha bo‘lgan 113 kilometrlik yo‘lni elektrlashtirish tufayli yiliga 500 tonna yonilg‘ini tejash imkonini berdi, atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirdi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan qo‘p yillik samarali ijodi, o‘zbek milliy musiqa madaniyatining rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdagi katta xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, bastakor Mutal (Mutavakkil) Muzainovich Burxonov “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nogironlarni sog‘lomlashtirish va protezlash milliy markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari faoliyati to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi famoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA