Yaqinda poytaxtimizdagi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “O‘zbekiston va jahon xalqlarining madaniy hamkorlik istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Konferensiyada yurtimiz vakillaridan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Misr va Tojikistondan kelgan xorijiy mamlakatlarning yetakchi olimlari hamda madaniyat, san’at sohasi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Samimiy ruhda kechgan yig‘inda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan madaniyat va san’at sohasida yurtimizda ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani, diyorimizda Uchinchi Renessans poydevori hamda yangi jamiyat asoslarini barpo etishning eng muhim tarkibiy qismi — ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va san’at sohasida shaxsni muntazam kamol toptirish borasida uzluksiz ish olib borish va bunday tarbiyaviy tizim markazida xalqimizning azaliy qadriyatlariga sadoqat ruhini shakllantirish ustuvor masalaga aylanganligi, shuningdek, O‘zbekiston va jahon xalqlarining madaniy hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanayotganligi alohida e’tirof etildi.
Tadbirda xoreografiya ta’limida xalqaro hamkorlikning ahamiyati, balet san’ati sohasidagi ijodiy izlanishlar, O‘zbekiston san’ati tarixining o‘rganilmagan sahifalari, milliy san’at va qadriyatlar integratsiyasi, pedagogik texnologiyalar sohasidagi xalqaro tajribalar kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.
– Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etish men uchun katta sharaf bo‘ldi, -dedi Moskva davlat madaniyat instituti xoreografiya fakulteti dekani Anastasiya Butsan O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Tadbir yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, juda samimiy ruhda o‘tdi, deyish mumkin. Ayniqsa, turli davlatlardan kelgan olimlar, mutaxassislar bilan ochiq muloqot qilish, fikr va tajriba almashish imkoniyati yaratilgani quvonarli hol. Bugungi kunda o‘lkangizda xoreografiya ta’limiga bo‘lgan yondashuv, milliy va zamonaviy an’analarning uyg‘unligiga erishish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va tatbiq etish borasida olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Moskvadagi bizning institutimiz O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan doimiy hamkorlik qilib keladi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi ijodiy almashinuv dasturi kelgusida yanada samaraliroq bo‘lishiga ishonaman. Bu kabi anjumanlar nafaqat ilmiy bilim va tajriba almashish, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy muloqotni kuchaytirishda ham muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Qizg‘in savol-javoblar kesimida o‘tgan anjuman yakunida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ta’lim sifati, ilm-fanni yanada rivojlantirish, xoreografiya ta’limi sohasidagi xalqaro tajribani o‘zlashtirish, innovatsion uslublarni joriy etish, professor-o‘qituvchilar malakasini zamonaviy talablarga mos darajada oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho berilib, istiqboldagi ustuvor vazifalar bo‘yicha kelishib olindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ObuIHLe9Uoc" title="O‘zbekiston madaniy hamkorlik markaziga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, D.Yoqubov (video), O‘zA