Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida davlat buyurtmachilari tomonidan 21 milliard so‘mlik qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Agentlik axborot xizmati rahbari Sherzod Saparovning ma’lum qilishicha, 18 davlat xaridida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda o‘zaro affillangan shaxslar ishtirok etishiga imkon yaratilgan.
Jumladan, Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi 2,2 milliard so‘mlik, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati 313 million so‘mlik, Beshariq tumani tibbiyot birlashmasi 300 million so‘mlik, Dehqonobod tumani hokimligi 189 million so‘mlik, Ellikqal’a tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi 95 million so‘mlik, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat”loyihalarini boshqarish markazi 56 million so‘mlik davlat xaridida qonunbuzarlik kuzatilgan.
“Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyatining 10,8 milliard so‘mlik, Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasining 1,9 milliard so‘mlik, G‘uzor tumani obodonlashtirish boshqarmasining 1,9 milliard so‘mlik, Dehqonobod tumani obodonlashtirish boshqarmasining 1,1 milliard so‘mlik, Tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan S.Sirojiddinov nomli akademik litseyning 573 million so‘mlik, Termiz Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 572 million so‘mlik, Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining 520 million so‘mlik, Sirdaryo viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining 83 million so‘mlik, Yangiobod tumani tibbiyot birlashmasining 45 million so‘mlik, Mo‘ynoq tumani hokimligining 40 million so‘mlik davlat xaridlaridagi baholash jarayonida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Agentlikning taqdimnomalari bilan xarid komissiyalarining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridlarining oldi olindi.
To‘plangan hujjatlar esa qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
N.Abduraimova, O‘zA