Dunyoda kitobga yodgorlik qo‘yilgan mamlakatlarni bilasizmi? Har holda sun’iy intellektning javobi shunday: O‘zbekiston, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahri, Burxoniddin Marg‘inoniyning “Al-Hidoya” kitobiga yodgorlik mavjud.
Endi bilim mash’ali – kitobni madh etuvchi yodgorlik Farg‘ona shahrining qoq markazida Kashtanlar xiyobonida qo‘yildi. U Farg‘onada ilk bor o‘tayotgan Xalqaro kitobxonlik festivali mehmonlari ishtirokida tantanali suratda ochildi.
Darvoqe, Farg‘ona bugun Osiyo, Yevropa mamlakatlari kitobxon va kutubxonachilari e’tiborida. Bu yerga 12 ta davlatdan kitobni sevuvchilar yig‘ildilar. Ular ehtirom ila kutib olindi. So‘ngra Farg‘ona shahridagi Kashtanzor ko‘chasida birinchi xalqaro kitobxonlik festivalining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, shuningdek, xorijdan kelgan mehmonlar, ziyolilar, kitobsevarlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda “Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv” asari orqali kitobxonlarga yaxshi tanish bo‘lgan Otabek Mahkamov ham qatnashdi.
Farg‘onada ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro kitob festivalini har yili an’anaga aylantirish, uning nufuzini yildan yilga ko‘tarish maqsad qilingani ta’kidlandi. Yevropa va Sharq davlatlarida o‘tkazilgan eng yaxshi kitob yarmarkalari, kitob festivallari haqida to‘xtalgan viloyat hokimi mazkur festival ham dunyoning nufuzli festivallaridan biriga aylanishi, yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’rifat va ma’naviyat harakatining yangi bir timsoli, yangi bezagi bo‘lishiga ishonch bildirdi.
[gallery-23356]
Festival doirasida respublikaning yetakchi nashriyotlari, viloyatdagi shahar va tuman hokimliklari tomonidan kitob yarmarkalari va ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mehmonlar mazkur ko‘rgazmalar bilan tanishdilar, kitobxonlik targ‘ibotiga yuqori baho berdilar.
Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona axborot- kutubxona markazi tashkil topganiga bu yil 125 yil to‘ldi. Respublikada yangidan qurilgan 18 ta shahar-tumandagi kutubxonalarning 4 tasi Farg‘ona viloyatida. Qolaversa, 2025 yil Farg‘ona viloyatida “Kitobxonlar yili” deb e’lon qilindi. Bu kabi ijobiy natijalar tufayli Farg‘ona I-xalqaro kitobxonlik festivali markazi deb tanlangan edi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gs5vdRio9tI" title="Farg‘onada kitobga yodgorlik qo‘yildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video),
O‘zA muxbirlari