Bugun, 15 may kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatining so‘nggi 9-tur o‘yinlari tashkil etiladi.
Aynan bugun joriy yil 31 oktyabr-27 noyabr kunlari Hindistonda erkaklar hamda 5-29 iyul kunlari Gruziyada ayollar o‘rtasida o‘tadigan jahon kubogida qatnashish huquqini Osiyo qit’asining qaysi shaxmatchilari qo‘lga kiritishiga ham oydinlik kiritiladi.

Aytish lozim, Al-Aynda davom etayotgan qit’a chempionatining erkaklar musobaqasida kuchli o‘nlikdan o‘rin olganlar, ayollar bahsida 1 va 2-o‘rin sohiblari jahon kubogi yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Kecha o‘tgan 8-tur bahsida hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov oq donalarda rossiyalik Ivan Zemlyanskiy bilan murosa yo‘lini tanlagan holda ochkolari sonini 6 taga yetkazib oldi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2-o‘rindagi o‘rnini mustahkamladi.

Ushbu turda Muhiddin Madaminov qora donalarda hindistonlik Narayanan Sunilduth Lynaga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda hindistonlik Asvathdan ustun keldi.
8-turda Gulruhbegim Tohirjonova oq donalarda rossiyalik Anastasia Bodnarukni mag‘lub etdi. Afro‘za Hamdamova qora donalarda hindistonlik Svati Ghate bilan durangga erishdi.

Qit’a chempionatining bugun o‘tadigan so‘nggi 9-turida Shamsiddin Vohidov – Nodirbek Yoqubboyev “dueli” ro‘y beradi.
Ayollar musobaqasining 9-turida Guoruhbegim Tohirjonova qora donalarda xitoylik Yuuxin Song bilan, Afro‘za Hamdamova oq donalarda rossiyalik Marina Yakimova bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat chempionatning erkaklar musobaqasida 33 mamlakatning 156 nafar, ayollar bahsida 23 davlatning 101 nafar shaxmatchisi dona surmoqda. Unda o‘zbekistonlik 12 nafar erkak va 15 nafar ayol shaxmatchi qatnashmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA