Joriy yilning 13-15 may kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 34 yillik yig‘ilishi hamda biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir doirasida O‘zsanoatqurilishbank va YeTTB o‘rtasida "Yoshlar biznesda" (Youth in Business) dasturini amalga oshirish bo‘yicha 25 million AQSH dollariga teng bitim imzolandi.
Ushbu moliyaviy resurslar 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan boshqarilayotgan mikro, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining investitsion loyihalari hamda aylanma mablag‘larini milliy valyutada moliyalashtirish imkonini beradi.
Mazkur hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarning startap va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishdir. Dastur mamlakatimizning barcha hududlarida yoshlarning iqtisodiyotdagi faol ishtirokini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, dastur doirasida O‘zsanoatqurilishbank mijozlari YeTTBning "Kichik biznesga maslahat" (Advisory for Small Businesses programme) loyihasi orqali taklif etilayotgan texnik ko‘mak xizmatlaridan ham foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida: YeTTB hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo davlatlarida "Markaziy Osiyoda yoshlar biznesda" dasturini amalga oshirib, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va ularning iqtisodiyotdagi faolligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Bank axborot xizmati