O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Suv sporti saroyi”da sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi” I Markaziy Osiyo ochiq chempionati boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025 yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan mamlakatimiz sport vazirligi va suv sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqa 17 may kuniga qadar davom etadi.
[gallery-23335]
U12, U15 va kattalar yosh toifalarida o‘tayotgan ushbu musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Bolgariya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston kabi davlatlardan 200 nafarga yaqin sportchi 186 ta medal jamg‘armasi uchun bahs olib bormoqda.
Chempionatning bugun, 15 may kungi dasturida U12 va U15 yosh toifalarida texnik solo, kombo va kattalar o‘rtasida texnik guruh toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Shuningdek, “Suv parisi” I Markaziy Osiyo ochiq chempionatining tantanali ochilish marosimi soat 20:30 da tashkil etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA