Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizda voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy saboq berish holatlari yildan-yilga o‘sib bormoqda. Xususan, ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar orqali virtual diniy ta’lim berish holatlari ko‘paymoqda.
Bunga sabab noqonuniy diniy ta’lim berish faoliyati yuqori daromad olib keladi. Shuningdek, qonunchilikda noqonuniy diniy ta’lim berganlik uchun belgilangan jazo choralari yengil. Bu esa huquqbuzarlar tomonidan ushbu turdagi huquqbuzarlikni takroran sodir etish holatlarini keltirib chiqarmoqda. Ya’ni, huquqbuzarga nisbatan qo‘llanilgan jazo chorasi sodir etilgan qilmishga nisbatan yengilligi takroran sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Shundan kelib chiqib, bola huquqlarining kafolatlarini yanada mustahkamlash, bolalarning har tomonlama kamol topishi va farovonligi uchun barcha sharoitlarni yaratish maqsadida Jinoyat kodeksiga ularning bilim olish huquqini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan majlisida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229/2-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni masalaga qaratilgan.
Mazkur hujjat loyihasi haqida deputat Abdullo Aslonov quyidagilarni qayd etdi:
— Voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy saboq berish holatlari ko‘payib borayotgani har birimizni tashvishlantiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 5 yilda 13 mingga yaqin bola noqonuniy diniy ta’lim olgan. Ularga asosan “hujra”larda, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali, chet tillarini o‘rgatish niqobi ostida ochilgan til o‘rgatish markazlarida diniy ta’lim berilganligi aniqlangan.
Jinoyat kodeksining 229/²-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib yoki xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bu tartibdagi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu normalar bola huquqlarining kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, jamiyatda sog‘lom muhitni ta’minlashga, bolalarning har tomonlama rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga, ularning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA