«Postda – Na postu» gazetasi 95 yoshda!
Bugun mamlakatimizda tezkor o‘zgarishlar, tub yangilanish jarayonlari kechmoqda. Bu boradagi islohotlar milliy media sohasida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Hozirgi matbuotni bundan sakkiz yillar avvalgisi bilan hatto solishtirib ham bo‘lmaydi. Zero, nainki mamlakatimiz, balki jahonning turli burchaklarida yuz berayotgan voqea va hodisalar o‘sha zahotiyoq ommaviy axborot vositalarida o‘z aksini topmoqda. Keng jamoatchilikning munosabatu muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyatining «Postda – Na postu» gazetasi mamlakatimiz bosma ommaviy axborot vositalari orasida eng peshqadam, zamon bilan hamnafas, odamlarning kayfiyati, mamlakatimizda kechayotgan tub islohotlarni aniq tezkor, o‘z vaqtida, xolis va haqqoniy yoritib kelayotgan bosma nashrlardan sanaladi.
Bundan 95 yil muqaddam mazkur gazetaning ilk soni hamyurtlarimiz qo‘liga yetib borgan edi. Yana ham aniqrog‘i – 1930 yil 12 may kuni ushbu bosma ommaviy axborot vositasining ilk soni nashrdan chiqqan edi.
Inson huquq va manfaatlarini ustuvor bilish, uni himoyalash, fuqarolarning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini eng oliy qadriyat bilish ushbu gazetada nashr etilayotgan tahliliy maqola va tezkor reportajlar, ocherk va lavhalarda, soha vakillari bilan suhbat, intervyu, xabarlarda muhim o‘rin egallaydi.
Nashrning har bir nomeri rang-barang, bir-biridan dolzarb, bugungi kunda yetilib turgan materiallarga boyligi bilan ahamiyatlidir. Shu sababli gazeta o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinadi.
Keyingi yillar davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida ichki ishlar tizimida zamon bilan hamqadam tarzda faoliyat olib boradigan, yuksak kasbiy malaka va mahoratga ega, kuchli bilim va salohiyat sohibi bo‘lgan kadrlarni tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Sohadagi ijobiy o‘zgarishlar «Postda–Na postu» gazetasining sahifalarida ham o‘zining yaqqol ifodasini topayotgani e’tiborga molikdir. “Inson qadri aziz”, “Poytaxtning hushyor xodimlari”, “Yurt koriga kamarbasta o‘g‘lonlar”, “IIB harbiy tuzilmalari: mahorat oshirish, tajriba almashish” kabi ko‘plab bosh maqolalarida ayni islohotlarning mazmun-mohiyati teran va tahliliy tarzda, oddiy va samimiy tarzda ochib berilgani diqqatga sazovordir.
Odamlar hayotiga tahdid solayotgan turli jinoyatlarni fosh etish, hamyurtlarimizning ogohligi va hushyorligini mudom oshirish, ularni o‘z taqdiri, farzandlari kelajagiga befarq bo‘lmaslikka da’vat etishda mazkur gazetada muntazam tarzda yoritilib borilayotgan tezkor xabarlar, ocherklar g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi. Odam savdosining oldini olish, tobora avj olib borayotgan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga oid amaliy chora-tadbirlar, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilikka barham berish borasidagi materiallarning muntazam yoritilishi gazetani yanada mazmunli bo‘lishini ta’minlamoqda.
Mahallalarda xavfsiz va osoyishta muhitni yaratish, turli huquqbuzarliklarni erta aniqlash va ularni bartaraf etish, oilalar mustahkamligini ta’minlash borasidagi amaliy ishlarga oid reportajlar ichki ishlar sohasi xodimlarining davr bilan hamnafas faoliyat olib borayotganidan darak beradi. Sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar holidan xabar olish, ularni yo‘qlash, ko‘nglini ko‘tarish, har jihatdan rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga doir maqolalar ichki ishlar tizimida uzoq va samarali mehnat qilgan fidoyi faxriy xodimlar mudom e’zoz va e’tiborda ekanini anglatadi.
Gazeta nainki ichki ishlar sohasi, balki jamiyat hayotining turli jabhalari, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va boshqa sohalarni qamrab olgan qiziqarli maqolalarni o‘quvchilarga taqdim etayotgani e’tiborga molikdir.
Bugungi kunda milliy jurnalistikada ijodiy xodimlarning ixtisoslashuvi g‘oyat muhim ekani Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyatining «Postda–Na postu» gazetasi sahifalarida chop etilayotgan dolzarb, o‘tkir mavzulardagi tahliliy va teran maqolalarda o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Zero, nashr sahifalaridagi materiallarni aynan huquq-tartibot sohasiga ixtisoslashgan yuqori bilim va malakaga, katta ijodiy tajribaga ega jurnalistlar, fotoreportyorlar tayyorlayotgani uning sifati va saviyasi yanada yuksak bo‘lishini ta’minlashda asosiy omildir.
Ha, gazetaning shiddatli zamon bilan hamnafas, hamqadam ekanida albatta, unda kunlarni tunlarga ulab mehnat qilayotgan yuqori professional ijodiy jamoaning g‘oyat zahmatli va ibratli mehnatlari mujassam. O‘zining kamtarin ijodi, o‘tkir qalami, yorqin fotosuratlari bilan yurtimiz tinchligi va osoyishtaligiga munosib hissa qo‘shayotgan Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyatining «Postda–Na postu» gazetasi jamoasiga yangidan-yangi ijodiy zafarlar, bundan-da yuksak marralarni tilab qolamiz!
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri