Ma’muriy sudlar ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, fuqarolar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlaydi.
Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi.
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, joriy yilning birinchi choragida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 4 ming 180 ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 1 ming 649 nafar fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi.
Ma’muriy va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mansabdor shaxslarining qarorlari ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi 1 ming 877 ish ko‘rib chiqildi. Xususan, hokim qarorini haqiqiy emas, deb topish bilan bog‘liq ko‘rib tamomlangan ishlar soni 515 tani tashkil qilib, shundan jismoniy va yuridik shaxslarning 178 arizasi qanoatlantirilgan.
Viloyat va unga tenglashtirilgan ma’muriy sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida 768 ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 105 qaror bekor qilinib, 4 qaror o‘zgartirildi. Kassatsiya tartibida 312 ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 50 qaror bekor qilinib, 5 ta qaror o‘zgartirildi. Taftish tartibida 357 ish ko‘rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 21 qaror bekor qilinib, 2 ta qaror o‘zgartirildi.
Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 524 shikoyat va protest o‘rganib chiqilib, shundan 59 tasi ish materiallari asosida ko‘rib chiqildi. Natijada quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 38 tasi bekor qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA