Millatimizga xos bo‘lgan milliy xalq o‘yinlarimiz fasllarga mosligi, hayotiyligi bilan alohida ajralib turadi.
O‘yinlarning tashkil etilishi, ularning o‘tkazilishi va mazmunida yoshlarning jismoniy sifatlari, irodalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, o‘z kuchlariga ishonishlari, ruhiy bardamliklarini mustahkamlash masalalari ham o‘z ifodasini topgan.
Milliy o‘yinlar, poygalar, bellashuvlar turli musobaqalar, marosimlar avloddan-avlodga o‘tib, tarixiy merosga aylanib, saqlanib kelmoqda. Tarixdan ma’lumki, xalq sayllari, bayramlari milliy o‘yinlarsiz o‘tmagan, unda yoshi ulg‘ayib qolganlar o‘z shogirdlariga hayot estafetasini topshirganlar. Sayllarda, bayramlarda musobaqalarni tarafma-taraf bo‘lib o‘tkazish,
qatnashchilarning jamoa bo‘lib harakat qilishlari ishtirokchilarning baquvvat, epchil va chaqqon, qiyinchilikka chidamli, tirishqoq va tadbirkor bo‘lishlarini taqozo etgan. Milliy o‘yinlar, kurash, ko‘pkari va sportning ommaviy turlari xalq orasida qadimdan saxovat belgisi sifatida ham namoyon bo‘lgan. Mashhur
uloqchilar, polvonlar, xalq o‘yinlari ishtirokchilari tez-tez musobaqalar o‘tkazib, bellashuvlardan to‘plangan mablag‘ni yetim-yesirlar, ko‘p bolali oilalar hamda qariyalarga hadya etganlar, ko‘priklar, masjidlar, madrasalar, kanallar, yo‘llar va boshqa xalq hasharlarida ishtirok etganlar.
Milliy o‘yinlarimizning kelib chiqish tarixi haqida Fanlar akademiyasi qoshidagi Tarix instituti, etnologiya va antropologiya markazi ilmiy xodimi Ahror Azizov batafsil ma’lumot beradi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/Q45q0_AP7-o" title="Milliy o`yinlarda millat ruhi mujassam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA