Bugun Toshkent shahridagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar markazida “O‘zbekiston neft va gazi - OGU 2025” 27-xalqaro ko‘rgazmasining birinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish kerakki, Prezidentimiz tomonidan neft-gaz sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli tizimni tubdan modernizatsiya qilish, yangi konlarni qidirish hamda mavjud zaxiralarni o‘zlashtirish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ekologik barqarorlik va ishlab chiqarish xavfsizligi masalalariga ham katta ahamiyat qaratilmoqda.
Ayni shu yo‘nalishda “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025” 27-xalqaro ko‘rgazmasi muhim rol o‘ynaydi. Ma’lumki, 1997 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rgazma nafaqat zamonaviy uskuna va texnologiyalarni namoyish etish, balki sohadagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar, tog‘-kon sanoati korxonalari, davlat organlari va ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida samarali muloqot uchun muhim platforma vazifasini o‘tab kelmoqda.
“O‘zbekenergota’mir” AJ investitsiyalar bo‘yicha direktori Nodir Nasibaliyevning ta’kidlashicha, ko‘rgazmada ishtirok etish tashkilot uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
– Biz asosan bug‘ turbinasi, gaz turbinasi, generatorlar, nasos uskunalari, turli xil bug‘ va suv qozonlarini ta’mirlaymiz hamda ularni o‘rnatish ishlarini amalga oshiramiz. Shu bilan birga, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya va Gruziya kabi mamlakatlarning kompaniyalari bilan hamkorlik qilyapmiz. Ko‘rgazmalarda ishtirok etish ishlab chiqaruvchilar uchun har jihatdan foydalidir. Bugun ko‘rgazma qatnashuvchilari o‘z biznesini strategik rivojlantirish, xorijiy investorlar va hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda, – dedi N.Nasibaliyev.
Xitoyning Honkong shahrida joylashgan “VTFCTech Limited” kompaniyasi uchuvchisiz uchish vositalari – UAV (dron) texnologiyalari bo‘yicha ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
– Biz nafaqat dronlarni ishlab chiqaramiz, balki ularni real ish sharoitida samarali qo‘llash uchun to‘liq yechimlar, ya’ni monitoring, xavfsizlik, tahlil va boshqaruv tizimlarini ham taklif etamiz, – dedi “VTFCTech Limited” kompaniyasining bosh ijrochi direktori Jastin Jang. – Bugungi kunda mahsulotlarimiz nafaqat fuqarolik sohasida, balki harbiy, qishloq xo‘jaligi va sanoat ob’ektlarida ham faol qo‘llanilmoqda. O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “OGU 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etishdan juda mamnunmiz. U mintaqadagi eng muhim sanoat ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan muloqot qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Biz neft-gaz sohasiga mo‘ljallangan yuqori samarali dron yechimlarimizni taqdim etyapmiz. Xususan, quvurlarni kuzatish, keng hududdagi ob’ektlarni havodan monitoring qilish imkonini beruvchi texnologiyalarimiz bugungi kunda neft-gaz sanoati uchun muhim yechimga aylanmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BxwseexkZgE" title="Jastin Jang: Biz neft-gaz sohasiga mo‘ljallangan yuqori samarali dron yechimlarni taqdim etdik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Eslatib o‘tamiz, ushbu ko‘rgazma o‘z ishini 15 may kuni yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva, D.Yoqubov, A.Ahmedov, O‘zA