Davlatimiz rahbari 1- 2 may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida faollar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Xorazmda ichki aviaqatnovlar faqatgina ikkita aviakompaniya tomonidan amalga oshirilayotganini ta’kidlab, bu borada jozibadorlikni oshirish, boshqa xususiy kompaniyalarni ham jalb qilgan holda mahalliy qatnovlarda raqobat yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Qisqa fursatda yanga reja va loyihalar amaliyotga joriy etila boshlandi.
Kuni kecha Urganch xalqaro ayeroportida "Sentrum Air" aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Urganch yo‘nalishida yangi yo‘lovchi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu nafaqat texnik yangilik, balki turizmni rivojlantirish yo‘lida tashlangan navbatdagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mazkur aviareysning yo‘lga qo‘yilishi — Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan hududiy turizmni rivojlantirish strategiyasining amaldagi ifodasidir. Xususan, “2022–2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirish strategiyasi”da belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida aeroport infratuzilmasini takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan yedi. Bugun esa bu vazifalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda.

Yangi reys — zamonaviy “Airbus A 330” bortida amalga oshirildi. Parvozning ilk yo‘lovchilari orasida xorijlik sayyohlar, respublikaning turli hududlaridan kelgan mehmonlar, fotograf va jurnalistlar bor. Samolyot Xorazm an’analariga xos tarzda – karnay-surnay sadolari, o‘zbekona non-tuz, ko‘tarinki kayfiyat bilan kutib olindi. Bu qadimiy Xorazm zaminining mehmondo‘stligi va qadriyatlari timsolidir.
– Bugun biz keng fuzilyajli 347 o‘rindiqqa ega bo‘lgan “Airbus A 330” samolyotimizning ilk parvozini Urganchga amalga oshirdik, – deydi "Sentrum Air" kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Osinsev Andrey. – Bort yo‘lovchilar bilan to‘liq holda uchib yetib keldi. Parvoz va xizmat ko‘rsatish yo‘lovchilarga yoqdi, degan umiddaman. Chuki hammaning kayfiyati yaxshi va ko‘tarinki bo‘ldi.
Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha Janubiy Koreyaning “Incheon” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlar boshlangan. Bu tashabbus orqali xalqaro standartlarga javob beradigan xizmat turlarini joriy yetish, tashqi turistlar oqimini ko‘paytirish, eng asosiysi, Xorazm viloyatini global turistik xaritada yanada ko‘zga ko‘ringan hududga aylantirish maqsad qilingan.
– Yangi aviaqatnovlar nafaqat turizm sohasiga, balki biznes aloqalar, ichki migratsiya va transport logistikasining yaxshilanishiga ham xizmat qiladi, – deydi viloyat transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Ollanazar Soburov. – Shu bilan birga, kompaniya reyslar sonini ko‘paytirish va boshqa yo‘nalishlarni ham bosqichma-bosqich ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Transport sohasi vakillari ushbu yangilikni tizimli rivojlanish bosqichi sifatida baholamoqda. Zero, zamonaviy aviatashuvlar har bir mintaqaning jahon bilan bog‘lanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Bu kabi tashabbuslar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng jozibador turistik manzillaridan biriga aylantirish yo‘lida qilingan muhim qadamdir.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari