Mamlakatimizda biologik xilma-xillikni saqlash va tabiiy suv havzalarida baliq zaxiralarini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil olib borilmoqda.
Ayniqsa, har yili may oyida baliqlarning ko‘pchiligi urug‘ qo‘yish faolligiga kiradi. Bu davrda ular sun’iy yoki tabiiy muhitda ko‘payish uchun havza tubiga yig‘iladi, shu bois ushbu mavsumda ovlash taqiqlangan yoki cheklangan bo‘ladi.
Bunday paytda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi Tuyabo‘g‘iz suv omborida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda “Golden Fish Group” MCHJ qo‘riqlash xizmati tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari muhim ahamiyatga ega.
Nazorat jarayonida noqonuniy baliq ovlayotgan 2 nafar fuqaro — A.N. va S.N. ushlangan. Ularning maxsus leskali to‘rlar orqali baliq tutayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismi asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, materiallar sud organlariga yuborilgan.
Shuningdek, reyd davomida uzunligi 4000 metrdan ziyod bo‘lgan egasiz to‘rlar yig‘ib olindi. Bu kabi to‘rlar nafaqat katta miqdorda baliqlarni noqonuniy ovlashga xizmat qiladi, balki suv muhitidagi boshqa jonzotlar uchun ham halokatli xavf tug‘diradi.
Ushbu tadbirlar Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 fevraldagi 80-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida, noqonuniy ovlashga qarshi qat’iy chora sifatida amalga oshirilmoqda.
Maqsad — suv havzalarida biologik muvozanatni saqlash, kelajak avlodga sog‘lom va zaxirali tabiatni yetkazish.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/U2YMqtQyLbE" title="O‘rta Chirchiqda noqonuniy baliq ovlayotganlar ushlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, O‘zA