O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etildi.
Bu “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida o‘z ifodasini topgan.
– Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri etib davlat xizmatchilarining malakasini muntazam oshirib borish va qayta tayyorlash, shuningdek, boshqaruv kadrlarini magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarida o‘qitish belgilandi, – dedi Akademiya mas’ul xodimi Ma’ruf Jumayev. – 2025 yil 1 iyuldan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash xodimlarning kasbiy rivojlanish ehtiyojlariga asoslangan holda tashkil etiladi hamda malaka oshirishning an’anaviy, muqobil va mustaqil shakllari joriy etiladi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi (DSBA) tomonidan qisqa muddatli kurslarda faqatgina "Siyosiy" va "Boshqaruv" guruhlariga mansub davlat xizmatchilarining malakasi oshiriladi.
Akademiyaning malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’lim dasturlarida tahsil oladigan davlat xizmatchilari kontingenti Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantiriladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning ma’lum qilishicha, Agentlik Akademiya bilan birga 2025 yil 1 dekabrgacha davlat fuqarolik xizmati "Yordamchi" guruhi lavozimlari uchun, 2026 yil 1 martgacha "Siyosiy" va "Boshqaruv" guruhlari lavozimlari uchun bazaviy kompetensiyalar modelini ishlab chiqadi.
Akademiyada 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat xizmatidagi rahbarlar, rahbarlikka nomzodlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar joriy etiladi.
Qisqa muddatli kurslar yakunlari bo‘yicha davlat xizmatchilarining olgan bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkaziladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab DSBAda muddati 6 oygacha bo‘lgan qayta tayyorlash ta’lim dasturlari joriy etiladi. Geosiyosat, global xavfsizlik, barqaror rivojlanish, loyiha boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda Prezident Administratsiyasi topshirig‘iga muvofiq tashkil etiladigan maxsus kurslar, "Rahbar ayollar" dasturi (tashabbuskor ayollarning rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida), "Kelajak liderlari" dasturi (istiqbolli yoshlarni davlat xizmatiga jalb etish maqsadida), "Tizimli tahlil, strategik rejalashtirish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish" dasturi, "Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish" dasturi, "Kadrlar zaxirasini shakllantirish va inson resurslarini rivojlantirish" dasturi, "Davlat dasturlari va loyihalarini samarali boshqarish" dasturi shular jumlasidandir.
Qayta tayyorlash ta’lim dasturlariga nomzodlar ro‘yxatini Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi shakllantiradi hamda har yili 1 iyulga qadar Akademiyaga taqdim etib boradi.
N.Abduraimova, O‘zA