Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qildi. Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov mazkur masala bo‘yicha bayonotni o‘qib eshittirdi.
Bayonotda qayd etilganidek, partiya so‘l qanot sifatida mamlakatda ijtimoiy adolat, tenglik va birdamlik tamoyillariga asoslangan demokratik ijtimoiy davlat barpo etishni o‘z oldiga ustuvor vazifa etib belgilagan. Ijtimoiy huquqlar Konstitutsiyamizda mustahkamlangani alohida ahamiyatga ega. Xalq demokratik partiyasi elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosatni davom ettirishda muxolifat fraksiya sifatida o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega.

— Parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida partiya ikki o‘ng partiya tomonidan tuzilgan parlament ko‘pchiligi – “Taraqqiyot bloki”ni qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi U.Inoyatov. — Ammo mazkur blok qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat dasturi va faoliyatining bir qator yo‘nalishlariga qo‘shila olmasligimizni bildiramiz.
Xususan, iqtisodiyotda davlat ishtiroki, strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolishga e’tiborning pastligi, ularni xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmaganligi;
— raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan pensiya tizimiga o‘tish bo‘yicha taklif;
— kommunal to‘lovlar (gaz, elektr energiyasi va boshqalar) masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashning istiqbolga mo‘ljallangan aniq strategiyasi ishlab chiqilmaganligi;
— ulushli asosda uy-joy qurish bo‘yicha fuqarolar ulushlarini himoya qilish va kafolatlash tizimining hanuzgacha yaratilmaganligi;
— aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmaganligi (ko‘p mablag‘ topgan ko‘p to‘lashi lozim tamoyilini qo‘llash zarur), shu jumladan, qimmatbaho mol-mulk uchun soliqning (hashamat solig‘i) joriy etilmaganligi;
— farmatsevtika sohasida davlat nazoratining sustligi, mahalliy va xorijiy dori vositalari uchun eng yuqori cheklangan narxlar belgilanmaganligi, shu jumladan, dori vositalarining reklamasi taqiqlanmaganligi, — dedi fraksiya rahbari.
Muxolifat maqomi partiyaga qonun loyihalarini tanqidiy ko‘rib chiqish, muqobil takliflar kiritish va hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish kabi yangi vakolatlarni beradi. Ma’lumki, yaqinda O‘zLiDeP va O‘zMTDP fraksiyalari birlashib, "Taraqqiyot bloki"ni tuzgan edi. Endilikda O‘zXDP o‘zini muxolifat deb e’lon qilgani parlament faoliyatiga yangicha ruh va mazmun bag‘ishlaydi, siyosiy bahs-munozaralarga, xalqchil qarorlar qabul qilinishiga asos bo‘ladi.
Majlisda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilish to‘g‘risidagi bayonoti bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA