Bunday o‘yinlarga mukkasidan ketishning oqibatini yaxshi tushungan fuqarolar esa, hushyorligi bilan o‘z manfaatlarini yaxshiroq himoya qila oladi...
Raqamli texnologiyalarning va elektron to‘lovlarning barcha sohalarga jadal ravishda joriy etilishi aholi o‘rtasida tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarning tarqalishiga olib keldi.
Fuqarolarning Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga doimiy ravishda qiziqib borishi xorijiy va noqonuniy servislardan faol foydalanishiga sabab bo‘lmoqda. Bu kabi holatlar Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyatini keltirib chiqardi.
2025 yil 17 aprelda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ushbu sohani tartibga solishga qaratilgan.
Sir emaski, turli onlayn o‘yinlar ko‘p hollarda “ko‘rinmas shaxslar” tomonidan tashkil etiladi. Ro‘yxatdan o‘tish onlayn, pul o‘tkazish onlayn... Bunday sharoitda o‘yin ishtirokchisining hech qanday huquqi kafolatlanmasligi tabiiy.
Shu bois, yangi qonun bilan Fuqarolik kodeksiga qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘tkazish tartibini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Kodeksning 56-bobi yangi tahrirda – “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘tkazish” deb nomlandi.
983-moddada qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda ularda ishtirok etish bilan bog‘liq talablar belgilandi.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, shu jumladan, garov o‘yinlarini tashkil etish yoki ularda ishtirok etish bilan bog‘liq talablari sudda himoya qilinmaydi. (Bundan ushbu o‘yinlarda aldov, zo‘ravonlik, tahdid qilish ta’sirida yoxud o‘z vakilining mazkur o‘yinlar tashkilotchisi bilan g‘arazli kelishuvi tufayli ishtirok etgan shaxslarning talablari va ushbu kodeksning 984-moddasida ko‘rsatilgan munosabatlardan kelib chiqadigan talablar mustasno).
984-moddada lotereyalar, Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni va bukmekerlik garovlarini o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirildi.
Unga ko‘ra, lotereyalarning, Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning va bukmekerlik garovlarining vakolatli davlat organidan litsenziya olgan tashkilotchilari hamda o‘yinlarning ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlar qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi va shartnomaga asoslanadi.
O‘yinlarning tashkilotchisi va ishtirokchisi o‘rtasidagi shartnoma chipta, kvitansiya berish orqali yoki o‘yinni tashkil etish qoidalarida nazarda tutilgan boshqa usulda rasmiylashtiriladi hamda ishtirokchi chipta qiymatini to‘lagan yoki o‘yinga pul tikkan paytdan e’tiboran tuzilgan, deb e’tirof etiladi.
Qonun hujjatlari bilan alohida toifadagi shaxslarning o‘yinlarda ishtirok etishi taqiqlanishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnomani tuzish to‘g‘risidagi taklif o‘yinlarni o‘tkazish muddati hamda yutuqni aniqlash tartibi va uning miqdori haqidagi shartlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
O‘yinlarning tashkilotchisi ularni belgilangan muddatda o‘tkazishni rad etgan taqdirda, o‘yinlarning ishtirokchilari ularning tashkilotchisidan o‘yinlar qoldirilganligi yoki ularning muddati ko‘chirilganligi tufayli yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.
O‘yinlarni o‘tkazish shartlariga muvofiq g‘olib deb e’tirof etiladigan shaxslarga o‘yinlarni o‘tkazish shartlarida nazarda tutilgan miqdorda, shakl (pul yoki natura)da va muddatda, agar ushbu shartlarda muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, o‘yinlarning natijalari aniqlangan paytdan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa muddatda o‘yinlar tashkilotchisi tomonidan yutuq to‘lanishi kerak.
O‘yinlarning tashkilotchisi ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, o‘yinda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi o‘yinlar tashkilotchisidan yutuqni to‘lashni, shuningdek, o‘yinlar tashkilotchisi tomonidan shartnoma buzilgani tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.
Qonun bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi zimmasiga kapital bozorini, sug‘urta bozorini tartibga solish, lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha vakolatlar yuklatildi.
O‘yinlarga qaram bo‘lishning ijtimoiy-siyosiy oqibatlarini inobatga olgan holda fuqarolarga yengillik yaratildi.
Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga qaram bo‘lgan shaxslarning o‘yinini cheklash, uni Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga qaramligi bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatiga kiritish uchun sudga murojaat qilinganda davlat boji undirilmaydi.
Albatta, bu me’yorlar tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga qiziquvchi shaxslarning manfaatlarini ma’lum ma’noda ta’minlashga qaratilgandir.
Bunday o‘yinlarga mukkasidan ketishning oqibatini yaxshi tushungan fuqarolar esa, hushyorligi bilan o‘z manfaatlarini yaxshiroq himoya qila oladi. Zotan, faqat halol mehnatdan keladigan pul ketmas boylik ekanini, shunday mablag‘lar yaxshi kunlarimizga yarashini unutmaylik.
Norgul Abduraimova, O‘zA