Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda "Agrosanoat sohasida yangi bozor mexanizmlari joriy etilganligi munosabati bilan ‘Davlat boji to‘g‘risida'gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasiga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi sudlarga meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi sub’ektlar hamda issiqxona xo‘jaliklarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan kiritadigan ariza, shikoyat va da’volari bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi taklif etilmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasida belgilangan normalar meva-sabzavotchilik sohasini qo‘llab-quvvatlashga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.
Agentlikni davlat boji to‘lovidan ozod etish orqali tejab qolingan mablag‘lar tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bu esa agrosanoat sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, ortiqcha xarajatlarni kamaytirish va ularning faoliyati uchun yanada qulay huquqiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA