"… dunyoda inson uchun salomatlikdan ortiq baxt yo‘q. Sababi, sog‘lik bo‘lmasa, hech bir xursandchilik tatimaydi. Shu ma’noda o‘ta mashaqqatli, ayni damda, eng sharafli ishga bosh qo‘shib, bemorlarga o‘z yaqinlaridek munosabatda bo‘layotgan, yuksak bilimi va cheksiz mehri bilan xasta dillarga shifo ulashayotgan Siz, tibbiyot fidoyilari doimo xalqimizning hurmat-u ehtiromiga loyiqsiz.…" – vazir tabrigidan…
Bugun, 12 may — Xalqaro hamshiralar kuni. Sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov soha vakillariga tabrik yo‘lladi.
"O‘z hayotini odamlar salomatligini asrashdek ezgu va oliyjanob ishga baxsh etib kelayotgan Siz, azizlar – qalbidaryo hamshiralarni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbdan muborakbod etaman.
Dunyoda inson uchun salomatlikdan ortiq baxt yo‘q. Sababi, sog‘lik bo‘lmasa, hech bir xursandchilik tatimaydi. Shu ma’noda o‘ta mashaqqatli, ayni damda, eng sharafli ishga bosh qo‘shib, bemorlarga o‘z yaqinlaridek munosabatda bo‘layotgan, yuksak bilimi va cheksiz mehri bilan xasta dillarga shifo ulashayotgan Siz, tibbiyot fidoyilari doimo xalqimizning hurmat-u ehtiromiga loyiqsiz", – deyiladi vazir tabrigida.
Chindan ham hamshiralar haqida so‘z ketar ekan, tibbiyotning turli sohalarida kunni tunga ulab ishlayotgan fidoyi, o‘z ishining ustasi, chaqqon, epchil, zukko, o‘rta tibbiyot xodimlarining qiyofasi ko‘z o‘ngimizda jonlanadi.
Abu Ali ibn Sino bejizga: "Hakimning uch quroli bor: so‘z, giyoh va tig‘", deya ta’kidlab o‘tmagan. Bemorning nafaqat tanasi, balki uning ruhi ham shifo topishga, g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘ladi. Bu o‘rinda bemorlarga o‘z yaqinlaridek munosabatda bo‘layotgan fidoyi o‘rta tibbiyot xodimlarining xizmati beqiyosdir.
Vazir qayd etganidek, bugun muhtaram Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlarida zamonaviy, kreativ fikrlaydigan, keng dunyoqarashga ega va mahoratli o‘rta tibbiyot xodimlarining yangi avlodini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbek hamshiralari dunyoning eng taraqqiy etgan klinikalarida malaka oshirish va xorijlik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilib, bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini beryotir.
Chunonchi, odamlarimiz ko‘z o‘ngida endi avvalgidek hamshira deganda bemorlarni faqat shifokor tavsiyasi bilangina parvarish qiladigan oddiy tibbiyot xodimi emas, balki bilim va malakasi yuqori, yuksak mas’uliyatli mutaxassis siymosi gavdalanyapti.
Ta’bir joiz bo‘lsa, bugun zamonaviy o‘zbek hamshirasi yuqori texnologik amaliyotlar, buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish kabi noyob operatsiyalarda shifokorning tom ma’noda o‘ng qo‘li, bemor hayoti uchun yelkama-yelka kurasha oladigan ishonchli ko‘makchisiga aylandi.
"Albatta, oldimizda hali yanada mas’uliyatli vazifalar turibdi. Shu bois Siz, tibbiyot jonkuyarlari davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan talablar, belgilab berilgan ustuvor maqsadlarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga munosib hissa qo‘shishingizga ishonaman", – deya ta’kidlagan vazir Asilbek Xudayarov.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugun yurtimizda 300 ming nafardan ziyod o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat olib bormoqda
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA