Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida o‘tayotgan, mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollarini tashkil etgan "Superbet Chess Classic Romania-2025" turnirining 4-tur bahslari yakunlandi.
Ushbu turda O‘zbekiston vakili Nodirbek Abdusattorov AQSH vakili Fabiano Karuana bilan to‘qnash keldi. Qora donalarda harakat qilgan Abdusattorov 19-yurishdan so‘ng boshlangan takroriy kombinatsiyalar tufayli 23-yurishda raqibi bilan durangga rozi bo‘ldi.

Bugun, 11 may kuni o‘tkaziladigan 5-turda Nodirbek Abdusattorov oq donalarda mezbon shaxmatchi — ruminiyalik Bogdan-Daniel Dyakka qarshi dona suradi.

5-tur oldidan turnir jadvaliga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Fabiano Karuana 2,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar asosida yetakchilik qilmoqda. Nodirbek Abdusattorov esa 1,5 ochko bilan 9-o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, 9 turdan iborat ushbu nufuzli musobaqa 16 mayga qadar davom etadi. G‘olib shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA