Al-Ayn shahrida (BAA) o‘tayotgan Osiyo chempionati bahslarining 4-turi yakunlandi. Musobaqada 34 davlatdan 260 nafardan ortiq shaxmatchi ishtirok etmoqda. O‘zbekiston terma jamoasidan 12 erkak va 15 ayol shaxmatchi dona surmoqda.
Chempionatning kecha o‘tgan 4-turida Shamsiddin Vohidov oq donalarda turnirda yetakchilik qilayotgan eronlik Daneshvar Bardeyaga qarshi bahs olib bordi va tomonlar 71-yurish holatida murosa yo‘lini tanladi. Shuningdek, Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda qozog‘istonlik Jandos Agmanov bilan, Humoyun Bekmurodov qora donalarda qozog‘istonlik Rinat Djumabayev bilan durangga erishdi. Muhiddin Madaminov esa mo‘g‘ulistonlik Ganzorig Amartuvshinni mag‘lubiyatga uchratdi.

Ushbu natijalar natijasida Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 8 va 9-o‘rinlarda joylashishga muvaffaq bo‘ldi.

Erkaklar birinchiligida 4 nafar shaxmatchi — Aleksey Grebnev (Rossiya), Daneshvar Bardeya (Eron), hindistonlik Iniyan va Murali Kartikeyan 3,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Musobaqalarda qatnashayotgan 40 nafar shaxmatchi 2,5 ochkoga ega, ular orasida Humoyun Bekmurodov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhammadzohid Suyarov ham bor.

Ayollar o‘rtasidagi 4-turda qora donalarda harakatlangan Afro‘za Hamdamova mo‘g‘ulistonlik Bat-Yerdene Mungunzuga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Gulruhbegim Tohirjonova qora donalarda indoneziyalik Monika Chelsiyeni, Nodira Nodirjonova oq donalarda rossiyalik Mariya Yakimovani mag‘lubiyatga uchratdi. Guldona Karimova hindistonlik Svati Chate bilan murosa yo‘lini tanladi.

Ayollar birinchiligida rossiyalik Anastasiya Bodnaruk va mo‘g‘ulistonlik Bat-Yerdene Mungunzu 4 ochko bilan peshqadamlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 3 nafar shaxmatchi 3,5 ochko bilan ularni taqib etmoqda. 16 nafar shaxmatchi 3 ochkoga ega, ularning orasida Afro‘za Hamdamova va Gulruhbegim Tohirjonova 15-16-pog‘onalarni band etgan.
Bugun, 11 may kuni chempionatning 5-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. O‘zbekiston terma jamoasidan Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov o‘zaro bahs olib, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda xitoylik Chjao Yuanxe bilan, Humoyun Bekmurodov hindistonlik Bxarat Subramaniyam bilan, Muhammadzohid Suyarov esa bangladeshlik Redja Nir Manon bilan kuch sinashadi.
Ayollar musobaqasida 5-turda g‘oliblikka asosiy da’vogarlar — rossiyalik Anastasiya Bodnaruk va mo‘g‘ulistonlik Bat-Yerdene Mungunzu "dueli" musobaqaning eng qiziqarli bahsiga aylanishi kutilyapti. Ushbu turda Afro‘za Hamdamova va Gulruhbegim Tohirjonova oq donalarda harakat qilib, hindistonlik Arshiya Das va Rakshitta Ravi bilan kurashga kirishadi. Guldona Karimova qora donalarda qozog‘istonlik Ayaulim Kaldarovaga qarshi bahs yuritadi.
9 turdan iborat Osiyo chempionati musobaqalari 16 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA