Andijon viloyati Marhamat tumanida “2025 yil mavsumida zararli chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Andijon viloyati boshqarmasi hamda Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi. Unda idoralarning mutasaddi va mutaxassislari, viloyatdagi hasharot va zararkunandalarga qarshi kurashish borasida faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilotlar vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, dehqonlar, bog‘bonlar ishtirok etdi.
Seminarda joriy mavsumda chigirtka, tut parvonasi va boshqa zararli hasharot va zararkunandalarga qarshi kurashish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Zararli chigirtkalarning yaylovlar va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazishining oldini olish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan yurtimiz iqlim sharoiti chigirtkalar rivojlanishi va tarqalishi uchun qulay ekanligi, rspublikamiz hududida 200 turdagi chigirtkalarni uchratish mumkinligi, ularning to‘da hosil qiluvchi turlariga qarshi har yili kimyoviy kurash tadbirlari olib borilayotganligi aytib o‘tildi.
Seminarning ikkinchi bosqichida ko‘rgazmalar namoyish etildi, amaliy-taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etiladigan ishchi-xodimlar, texnika vositalari, chigirtkalarga qarshi kurashishda ishlatiladigan kimyoviy preparatlar, ularni qo‘llash tartibi, maxsus ishchi eritmani tayyorlash hamda kimyoviy preparatlar zaxirasi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish, mas’ul tashkilotlar hamkorligini mustahkamlash, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali amalga oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Zararli chigirtka va hasharotlarga qashi kurashishdagi muhim vazifalar belgilab olindi.
[gallery-23275]
Seminar ishtirokchilari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari