Vatanimiz tarixidagi 11 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1888 yil (bundan 137 yil oldin) – Rossiya imperatori tomonidan tasdiqlangan nizomga muvofiq Buxoro amirligida istiqomat qilayotgan ruslar o‘rtasida yuzaga kelgan barcha fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish Rossiya imperatorning Buxorodagi siyosiy agenti va Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi Samarqand viloyati sudi zimmasiga yuklatildi.
1888 yil (bundan 137 yil oldin) – Samarqand shahrida temiryo‘l ishga tushganiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Tarixchi Anoroy Tog‘ayevaning qayd etishicha, Kaspiy dengizining Mixaylovsk qo‘ltig‘idan Samarqandgacha bo‘lgan 1335 verst (taxminan 1424 kilometr) uzunlikdagi Kaspiyorti temiryo‘li yagona loyiha asosida emas, balki kichik-kichik loyihalarning umumlashuvi oqibatida bunyod etildi.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – “Sadoi Turkiston” gazetasining shu kungi 9-sonida “Imtihon masalasi” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda eski maktab va madrasalarda imtihon umuman o‘tkazilmasligi, usuli jadid maktablarida esa imtihon o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganligi haqida yoziladi. Jadid maktablarida o‘tkazilayotgan imtihonlar haqida axborot beriladi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston respublikasi hukumati Markazning talabi bilan o‘lkadagi irrigatsiya ishlarini harbiylashtirishni joriy etish to‘g‘risida dekret qabul qildi. Bolsheviklar hukumatining irrigatsiya ishlarini xarbiylashtirishi mahalliy aholining majburiy bepul mehnati va ularning bor mablag‘larini xam irrigatsiyani qayta tiklash ishlariga jalb etishga qaratilgan edi.
1935 yil (bundan 90 yil oldin) – Toshkent–Pomir–Qoraqum velo-piyoda safari boshlandi. Shu kuni Hidoyat Inoyatov, Abdurahim Xo‘jayev, Abduvahob Ibrohimov, Vasiliy Shalyakin, Yuzef Eyningis Toshkent – Jizzax – Samarqand – Buxoro – Qoraqum sahrosi – Chorjuy – Termiz – Dushanbe – G‘ulcha – Pomir tog‘lari – O‘sh – Farg‘ona – Toshkent yo‘nalishida 3000 kilometrlik safarga chiqdilar. Ular ikki oy davomida bu masofani bosib o‘tib, har bir shaharda, tumanlar markazida bo‘lganlarida aholini, ayniqsa, yoshlarni sport, xususan, velosport, yengil atletika bilan faol shug‘ullanishga da’vat qildilar.
Endigina 22 bahorni ko‘rgan velosipedchi yoshlar guruhi mazkur safarga chiqishdan avvad bir oy davomida mashg‘ulot o‘tkazib, miltiq otishdan tortib topografiyagacha bo‘lgan harbiy sportning turli-tuman sohalarini egallab, kuniga piyoda 35, velosipedda esa 75 kilometrlab yo‘lni bosib o‘tdilar. Yigitlarning nafaqat mushaklari, irodalari ham obdon toblandi. Safar vaqtida kutilmagan voqealar ham sodir bo‘ldi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentda islomgacha bo‘lgan davrdagi yozuvlar va ularga doir yodgorliklarni o‘rganishga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya ochildi. Ushbu konferensiya daniyalik tilshunos, tarixchi Vilgelm Tomsen va rus turkshunosi, akademik Vasiliy Radlov tomonidan o‘rxun-enasoy qadimgi turkiy matnlari ma’nosi ochib berilganligining 100 yilligiga bag‘ishlandi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2015 yil (bundan 10 yil oldin) – Nukusda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Ikuo Xirayama nomidagi xalqaro madaniyat karvonsaroyi hamkorligida “Yaponiya madaniyati kunlari” o‘tkazildi
2016 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (Rossiya Federatsiyasi) Olmaliq shahrida Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning filiali tasheil etildi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etishi taklifi ma’qullandi hamda mazkur masala bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va “Maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA