Turkiya Respublikasining mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishikxan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Buxoroda bo‘ldi. Mehmonlar Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan uchrashuvda qator muhim kelishuvlarga erishdi.
Ta’kidlash joiz, joriy yilning yanvar oyida Buxoro viloyatidan bir qator shifokor-mutaxassislar Turkiyaga xizmat safari bilan tashrif buyurdi. U yerda yetakchi tibbiyot muassasalari rahbarlari bilan foydali muloqotlar olib borildi. Ushbu hamkorlik asosida yaqin kunlarda yana 10 nafar yuqori malakali shifokor Turkiyada malaka oshirish dasturlarida ishtirok etadi. Yil yakuniga qadar esa ushbu imkoniyat 100 nafardan ziyod tibbiyot xodimiga nasib etadi.
[gallery-23278]
Mazkur hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 2024 yil dekabrda Sog‘liq bilimlari universiteti hamda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida hamkorlikka oid memorandum imzolangan edi. Hujjatda tibbiyot kadrlarni tayyorlash, malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyat va klinik amaliyotda tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Mehmonlar Bahouddin Naqshband majmuasini ham ziyorat qildi. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Islom olamida alohida e’zozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir. Mehmonlarga uning hayoti, islom dini rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, “Ko‘ngling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin” degan g‘oyaning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi. Majmuada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar tanishtirildi.
Mehmonlar “Buxara Varnet” O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasida ham bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, ilgari bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilgan. Qolaversa, bu yerda hozirda sayyohlar uchun ham xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, zamonaviy botanika bog‘i hozirda mehmonlar bilan gavjum.
Delegatsiya a’zolari Buxoroning tarixiy obidalari va qadamjolarini ham ziyorat qildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.