AOKAda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari ishtirokida aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, 2022-2024 yillar davomida jami 4 ming 920 ta ko‘p kvartirali uylar barpo etilgan. 221 mingdan ziyod xonadon aholi ixtiyoriga topshirildi. Bu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda. Xususan, 2022 yilda 56 115 ta xonadonli 1 433 ta uy, 2023 yilda 65 528 ta xonadonli 1 443 ta uy va 2024 yilda 100 264 ta xonadonli 2 044 ta uy foydalanishga topshirildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘p kvartirali uylar qurilishi kengaymoqda. Qurilish kompaniyalariga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar berilishi, yer ajratish va infratuzilma bilan ta’minlash masalalarida qulayliklar yaratilib, tadbirkorlar uchun rag‘batlantiruvchi muhit shakllantirildi. Natijada sohada xususiy sektorning ulushi ortmoqda, bu esa aholining ehtiyojlariga mos, sifatli uy-joylarni ko‘proq barpo etish imkonini bermoqda.
Joriy yilda uy-joylar qurilishi 135 ming xonadonga yetkaziladi. Bugungi kunda 2 451 ta uyda (147 ming 378 ta xonadon) qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Shundan 16 ming 797 ta xonadondan iborat 289 ta uylar foydalanishga topshirilgan.
Mavjud ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha ham keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. O‘tgan yilda 35 mingdan ortiq uyda “bitta uy — bitta boshqaruv” tamoyili joriy etilib, boshqaruv shirkatlari va tashabbuskor fuqarolar tomonidan samarali boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa fuqarolarning uy-joylariga egalik hissini mustahkamlab, xarajatlarda shaffoflikni ta’minladi.
Uy-joy bilan ta’minlash borasidagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — ipoteka tizimini soddalashtirish va unga keng qatlamlarni jalb etishdir. Imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish mexanizmi takomillashtirilib, daromadi past oilalarga ham qulay shartlar yaratildi. Xususan, oilalarning kredit to‘lovlarini subsidiya orqali qoplash amaliyoti kengaytirildi.
Yana bir ma’lumot, shu yildan “eskrou” tizimini joriy etish rejaga kiritilgan. Bu tizim developerlarga hozirgidan pastroq stavkada mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Muhimi, developerlarni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish hamda uy bitmasdan turib ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bilan uy sotib oluvchilar kafolatli himoyalanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TCm20yZWj0k" title="Joriy yilda uy-joylar qurilishi 135 ming xonadonga etkaziladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA