Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov boshchiligida videokonferensaloqa shaklida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yanada oshirish, dori vositalari iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga doir muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda vazirlik mas’ullari, markaziy apparat tarkibiy tuzilma boshliqlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi, ixtisoslashtirilgan markazlar, respublika davolash muassasalari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rahbarlari ishtirok etdi.
Shuningdek, joylardagi studiyalardan barcha hududiy boshqarmalar hamda tuman tibbiyot birlashmalari mas’ullari qatnashdi.

Dastlab tadbirda vazir A.Xudoyorov davlatimiz rahbari tomonidan videoselektorda belgilangan vazifalarni, avvalo, birlamchi tibbiyot tizimida joriy etish, qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qolayotgan Ishtixon tumanini namunaviy hududga aylantirish, joylarda kasalliklar profilaktikasi, ularni erta aniqlash va davolash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sohada raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish lozimligini ta’kidladi.
– Oldimizda juda katta vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirishda yuqoridan quyi tizimgacha bo‘lgan har bir mas’ul ishga vijdonan yondashishi va qat’iy tartib-intizomga rioya qilishi shart, – dedi vazir.
Ta’kidlanganidek, bugun mahallalarda birlamchi bo‘g‘inning o‘rni sezilmayotgani bois kasallanish va ularning og‘ir asoratlari kamaymayapti. Shu bois endi mahallada bitta bo‘lsa ham infarkt, insult, onalar va bolalar erta o‘limi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik favqulodda holat sifatida baholanib, tibbiy brigadalarning ish samaradorligini baholashda birinchi galda mazkur jihatga e’tibor qaratilishi aytib o‘tildi.
Qolaversa, “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturining boshlanishi, bunda har bir rahbar tibbiyot muassasasining toza, ozoda bo‘lishi, odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratishi lozimligi yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Shu bilan birga, “Elektron retsept” tizimini Yunusobodda to‘liq ishga tushirish va butun respublikaga namuna sifatida ko‘rsatish, poliklinikalar ish jarayonini standartlarga muvofiqligini o‘rganish, “samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan” deb topilgan preparatlarni klinik protokollardan chiqarish bo‘yicha ham zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda, shuningdek Prezidentimiz tomonidan berilgan vazifalarni Ishtixon tumanida joriy etish maqsadida vazirlik qoshida respublika shtabi tashkil etilishi va hududda joylashgan 62 ta mahallada yashovchi qariyb 282 ming nafar aholi to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi hamda III va IV guruhga kirgan bemorlar tuman, viloyat, respublika darajasida sog‘lomlashtirilishi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, I va II guruhga mansub aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlarga qarshi kurashish, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha xonadonma-xonadon yurib individual tarzda ishlash, har bir mahallada “Salomatlik maktablari”ni shakllantirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda hududdagi 3-18 yoshli o‘g‘il-qizlarni onkogematologik, fertil yoshidagi ayollarni prenatal hamda bachadon bo‘yni saratoni, 40 va undan katta yoshdagi aholini kardiologik va qandli diabet skriningidan o‘tkazish, bunda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislarini jalb etish belgilanib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
— Tumanda yashayotgan har bir aholi tibbiyotdagi o‘zgarishlarni his etishi kerak. Buning uchun Ishtixon vazirdan boshlab tizimdagi har bir mas’ulning “ikkinchi uyi”ga aylanishi zarur, — dedi A.Xudayarov.
Yig‘ilish yakunida sohani rivojlantirish bo‘yicha yana qator masalalar muhokama qilinib, ularning ijrosi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
O‘zA