Toshkent shahrida joylashgan Bolalar milliy tibbiyot markazi bolalar sog‘lig‘ini tiklash yo‘lida yana bir muhim yutuqqa erishdi. Gap shundaki, o‘tgan yil davomida ikki nafar bolaga jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida bolalar transplantologiyasi sohasida ilk va muhim bosqich sifatida qayd etildi.
Bu Markaz mutaxassislarining nafaqat yuqori darajadagi jarrohlik amaliyotlarini bajargani, balki butun transplantatsiya tizimi jahon standartlari asosida yo‘lga qo‘yilganini anglatadi.
Buning uchun o‘tgan yil davomida jahon standartlari talablariga javob beradigan maxsus jarrohlik asbob-uskunalari xarid qilindi. Moliyalashtirish masalalari hal qilinib, transplantatsiya operatsiyalari bemor oilalari uchun bepul etib belgilandi. Shifokorlar, hamshiralar va tibbiy xodimlar xalqaro protokollar asosida o‘qitildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jigar transplantatsiyasi amaliyotlari yuqori xavfsizlikka ega bo‘lib, zamonaviy klinik protokollarga to‘liq rioya qilingan holda o‘tkazilmoqda.
Markazning texnik va professional salohiyati bundan keyin ham rivojlantirilib, xorijda davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarni O‘zbekistonning o‘zida davolash imkoniyati kengaytiriladi.
Bunday muvaffaqiyatli natijalar tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, xalqaro hamkorlar hamda markazning multidissiplinar jamoasining qo‘llab-quvvatlashi va hamkorlik natijasidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA