9 may — bizga tinchlik qoldirib ketgan ota-bobolarimizning xotirasi eslanadigan sana. Ayni sana arafasida dunyo tan olgan fizik olim, el-yurt faxri, akademik Behzod Yo‘ldoshevning 80 yilligi nishonlanayotgani ham bejiz emas. Chunki Vatan uchun qurol bilan kurashganlar qatori, bilim va ilm orqali xizmat qilganlar xotirasi ham hamisha barhayotdir...
Anjumanni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ochib berdi. U o‘z so‘zida akademik Yo‘ldoshevning fanga qo‘shgan bebaho hissasi, zamonamizning eng nufuzli ilmiy muassasalaridagi faoliyati va O‘zbekiston ilm-fan salohiyatini yuksaltirishdagi xizmatlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida akademikning hayot yo‘li va ilmiy faoliyati haqida tayyorlangan hujjatli film namoyish etildi.
Shuningdek, FA Yadro fizikasi instituti direktori akademik Ilhom Sodiqov va FA Fizika-texnika instituti direktori Husniddin Olimov tomonidan “Yuqori energiyalar fizikasi sohasida fundamental tadqiqotlar” mavzusidagi ma’ruza qilindi.
Anjuman davomida “Zarralarni zabt etgan inson” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur asar akademik Yo‘ldoshevning nafaqat ilmiy, balki inson sifatidagi fazilatlarini ham ochib beradi.
Akademikning yaqin shogirdlari, hamkasblari uning ilmiy merosi, kamtar, ammo qat’iy tabiati va fidoiyligi haqida samimiy xotiralarini baham ko‘rdilar. Ular orasida olimning ilmiy rahbarligida 10 nafar fan doktori va 30 ga yaqin fan nomzodlari yetishib chiqqanligi qayd etildi va ularning olim bilan bog‘liq xotiralari, samimiy so‘zlari konferensiyaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
[gallery-23248]
“Behzod Yo‘ldoshevni nafaqat taniqli olim, balki ajoyib inson, ustoz sifatida bilamiz. U o‘z bilimlarini yosh avlodga yetkazish uchun, ularni yetishtirish uchun mashaqqatli mehnat qilgan insondir. Agar 2017 yildan keyin FAni qayta tug‘ildi desak, o‘sha qayta tug‘ilishidagi olib borish kerak bo‘lgan barcha jarayonlarni, FAning ilmiy tekshirish tashkilotlarini yana akademiya tizimiga qaytarish, undagi ishlarni yo‘lga qo‘yish, ulardagi olimlarda kelajakka bo‘lgan yangi ishonchni qaytarishdagi qilgan yuksak mehnatlarini baholash juda qiyin”, – dedi O‘zRFA vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev. – Shu bilan birgalikda, u ilm-fanni rivojlantirishga, uni tashkil etishga nihoyatda katta hissa qo‘shgan. Bu yerda Yadro fizikasi institutining rivojlanishi va uni FA tizimida yana qayta tiklanishi yoki Atom energetika sohasida O‘zbekistonda katta bir loyihalarning boshlanishida u kishining hissasi beqiyos.
Qolaversa, u kishi FAda shunday bir tizimni yaratdiki, yosh olimlar o‘sha paytda o‘zlari uchun juda katta bir imkoniyatlarni ko‘rishdi. Behzod Yo‘ldoshev nafaqat ilm va fan, balki amaliy tadqiqotlarni amalga oshirishga ham juda katta hissa qo‘shdi”.
Akademik Yo‘ldoshev — elementar zarralar va yadro fizikasi sohalaridagi yirik kashfiyotlar muallifi. Uning faoliyati AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlar ilmiy jamoalari tomonidan yuksak baholangan. Behzod Yo‘ldoshev Amerika fiziklari jamiyati a’zosi, Kembridj, Indiana, Vashington universitetlari faxriy professori, xalqaro ESO mukofoti laureati hamda SERNdagi Katta adron kollayderidagi tadqiqotlarda ishtirok etgan olim sifatida tan ham olingan.
Behzod Yo‘ldoshevning asosiy ilmiy-tashkiliy faoliyati elementar zarralar fizikasi, yadro fizikasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va tibbiyot sohalarida yadro texnologiyalaridan foydalanish kabi masalalarga bag‘ishlangan.
U 400 dan ortiq ilmiy ishlar, 4 ta monografiya, jumladan yadro tadqiqotlari bo‘yicha 5 tomlik fundametal tadqiqot va 20 dan ortiq ixtiro muallifi hisoblanadi.
Shu bilan birgalikda, 400 dan ortiq ilmiy maqolalari xorijdagi nufuzli jurnallarda chop etilgan.
Olim Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti (1983), “Mehnat shuhrati” ordeni (2003), “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" (2003), “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” (2018), “Fidokorona xizmatlari uchun” (2020) ordeni bilan taqdirlangan.
Haqiqiy qahramonlik — bu nafaqat urush maydonlarida, balki tinchlik sari intilish, ilm-fan yo‘lida xizmat qilish, yurt ravnaqi uchun umrini bag‘ishlash ham demakdir. Ana shunday fidoyi va ulug‘ shaxslardan biri — akademik Behzod Yo‘ldoshev desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hamkasblarining xotirlashicha, u nafaqat o‘z ilmiy kashfiyotlari, balki, go‘zal insoniylik fazilatlari, mamlakat rivojiga qo‘shgan ulkan hissalari bilan ham yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Behzod Yo‘ldoshevning yorqin xotirasi yaqinlari, shogirdlar va ilm ahlining qalbida mangu yashaydi.
M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U. To‘xtayev, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA