Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Buloqboshi tumani Sarvontepa mahallasidan o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanalida yuzaga kelgan nosozlik natijasida suv ayrim xonadonlarga kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holatga munosabat bildirgan "O‘zbekgidroenergo" AJ rasmiylarining ma’lum qilishicha, suv sizib chiqishi aniqlanganidan so‘ng Janubiy Farg‘ona magistral kanalidagi suv oqimi to‘liq to‘xtatilgan.
Hozirda mas’ullar tomonidan kanaldan suv o‘tkazish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, Andijon viloyati Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tomonidan suv oqimi to‘liq to‘xtatilgan.
Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar jalb etilgan va vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Mazkur munosabatda fuqarolardan ortiqcha xavotirga tushmaslik so‘ralgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA