Munosabat
Sog‘liq – beqiyos ne’mat. Unga doir muammolarni bir kunda hal qilib bo‘lmaydi, lekin tinimsiz harakat, izchil siyosat va xalqqa mehr bilan amalga oshirilgan ishlar, albatta, samara beradi. So‘nggi 7-8 yilda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida shu kabi sa’y-harakatlar kuchayib, bugungi kunda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Albatta, barcha muammolar bitdi, hammasi yo‘lga qo‘yildi demoqchi emasmiz, lekin yo‘nalish to‘g‘ri, qadamlar esa barqaror.
Xususan, respublikamizda aholi sonidagi o‘sish hamda joylardagi real ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiy muassasalar soni ham ortib bormoqda. Misol uchun, Qashqadaryodagi olis qishloqlardan tortib, Qoraqalpog‘istonning cho‘l hududlarigacha yangi shifokorlik punktlari tashkil etilyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda uch mingdan ortiq tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Bu shunchaki raqam emas – bu millionlab insonlar o‘z xonadonlariga yaqin joyda shifokor ko‘rigi, birinchi tibbiy yordam va maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, deganidir.

Qolaversa, “Shifokor – xalq xizmatkori” degan g‘oya hayotga tatbiq etilmoqda. Bugun tibbiyot xodimi nafaqat dardga shifo, balki xalq ishonchining sinovidan o‘tayotgan shaxs. Shu bois shifokorlar malakasini oshirish, bilim va ko‘nikmalarni zamon talabiga mos ravishda yangilash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, endilikda Tibbiyot sohasini baholash milliy markazi tashkil qilinadi. Ushbu markazga xalqaro tan olingan xorijiy tashkilotlar jalb qilinib, davlat va xususiy klinikalar akkreditatsiyadan o‘tadi. Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish vazifasi davlat va xususiy tibbiyot oliygohlari, ixtisoslashgan markazlar va viloyat muassasalariga beriladi. Shu bilan birga, shifokor va hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha yagona malaka talablari ishlab chiqiladi.
Bugun hayotimizning hech bir qismini axborot texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, bunday zamonaviy yondashuv va imkoniyatlar tibbiyot sohasiga ham tatbiq etilmoqda. Avval shifoxonada navbat kutgan, yo‘lkira deb cho‘ntagiga qarab tashvishlangan insonlar uchun hozirgi onlayn xizmatlar ayni muddao bo‘ldi. Masalan, Toshkent shahri va ayrim viloyat markazlaridagi poliklinikalarda onlayn navbatga yozilishi, elektron tibbiy karta, telemeditsina – barchasi bemorga ham, shifokorga ham yengillik yaratmoqda. Bemorlar uyidan turib telefon orqali yoki maxsus ilovalar orqali ro‘yxatdan o‘tmoqda. Bu nafaqat vaqtni, balki inson asabini ham asraydi.
Ammo, erishilgan natijalar xalqimiz kabi davlat rahbarini ham qanoatlantirmaydi. Kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tibbiy sug‘urtani joriy qilish surunkali surilib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Toshkent shahrida o‘tgan yili, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda joriy yili ushbu tizim ishga tushishi kerak bo‘lsa-da, ishlar rejadagidek bajarilmagani, Sug‘urta jamg‘armasi faqat tayyor pulni taqsimlovchiga aylanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilar tizimni to‘liq raqamlashtirish u yerda tursin, oddiy “elektron retsept”ni ham ishga tushira olmagani tanqid qilindi. “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar borligi qayd etildi. Shu bois, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari ikki nafar vazir o‘rinbosarini ishdan bo‘shatdi, raqamlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan boshqa rahbarga esa so‘nggi ogohlantirishni berdi.
Albatta, bunday keskin e’tirozlar ortida aniq hisob-kitob va tahlillar yotibdi. Chunki, soha raqamlashsa nafaqat qulaylik ortadi, shu bilan birga aholining sohaga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi, tizim shaffoflashadi. Chunki, tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilsa, fuqaro har bir sarflangan so‘m uchun hisob-kitobni ko‘ra oladi. Tibbiy xizmatlar bepul va kafolatlangan toifalar bo‘yicha ajratiladi.
Shuningdek, soha raqamlashsa, elektron retsept, onlayn navbat, shifokorga masofadan yozilish imkoniyatlari yanada kengayadi. Davolanish tarixi, diagnostika natijalari onlayn holatda saqlanadi. Odamlar qog‘oz ko‘tarib yurishga majbur bo‘lmaydi. Sog‘liqni saqlash sohasida samaradorlik oshib, korrupsiya va byurokratiya yo‘qoladi.
Avval “menga kerak dori dorixonada yo‘q ekan” degan gapni tez-tez eshitar edik. Hozir esa ahvol ancha yaxshilangan. Sababi, mahalliy dori ishlab chiqaruvchi korxonalar soni ortyapti. Bugun mahalliy ishlab chiqarish hissasi 38 foizga yetdi – bu narxlarning barqaror bo‘lishi, dori vositalariga yetarli ta’minot va sifatli mahsulot demakdir.
Biroq, bu borada ham hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar bor. Mamlakatimizda har yili 600-700 million dollar mablag‘ samaradorligi isbotlanmagan va o‘rganilmagan dorilarga sarflanmoqda. Bunday dorilarning importdagi ulushi 42 foiz. Rivojlangan davlatlar dalillarga asoslangan tibbiyotga tayanib, keng miqyosda o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar orqali samaradorligi va xavfsizligi isbotlangan dorilardan foydalanadi.
Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligiga xalqaro tan olingan manbalarda “samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan” deb topilgan preparatlarni klinik protokollardan chiqarish topshirildi. Barcha tibbiyot muassasalari, birinchi galda bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha kompleks reviziya o‘tkazilishi va protokollarga amal qilmagan xodimlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Umuman olganda, sog‘liqni saqlash sohasi qiyin, lekin sharafli yo‘l. Bu yo‘lda qadam bosgan har bir xodim, qabul qilingan har bir qaror, sarflangan har bir so‘m xalq uchun, uning salomatligi va baxti uchun xizmat qilmoqda. Bugungi kunda shifoxonalarning yangilanishi, shifokorlar malakasining oshishi, tibbiyot xizmatining xalqqa yaqinlashishi shunchaki islohot emas – bu inson qadriga berilgan baho, deb hisoblash kerak.
Albatta, davlatimiz rahbari aytganlaridek, yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Lekin shunga qaramay, tibbiyot sohasi islohotlarning haqiqiy yuziga aylanib bormoqda. Buning uchun esa faqat hukumat yoki vazirlik emas, butun jamiyat, ayniqsa biz, deputatlar birdam va mas’ul bo‘lishimiz lozim.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA