Asrlar davomida xalqimizning Vatan himoyasi yo‘lidagi yuksak mardlik va qahramonliklari barcha avlodlar uchun namuna va ibrat maktabi vazifasini bajarib kelmoqda. 2025 yil 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining imzolanishi ham mardlik va jasorat bilan hayotini aziz Vatanimiz tinchligini saqlab, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
Ikkinchi jahon urushi yillarida olis-olislarda bo‘lgan urushning sovuq shamoli qanchadan qancha o‘zbek oilalarining ham halovatini izg‘irindek uchirib ketdi. Urushda мамлакатимиздан 2 millionga yaqin hamyurtlarimiz ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 538 ming nafardan ortig‘i qonli janglarda halok bo‘ldi. Қancha-qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytgani, qanchasi bedarak yo‘qolgani hisobga olinadigan bo‘lsa, bu g‘alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – g‘alaba uchun!” deb yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz og‘ir mehnat qildi.
Urush bo‘layotgan hudud qurbonlar tanlamaydi. Erkaklar, ayollar, norasida bolalar – barcha millat va elat vakillari teng jabr chekadilar, teng azob va uqubatda qoladilar. Fashizmga qarshi bo‘lgan kurashda ko‘pgina davlatlar qatori millionlab o‘zbekning yurtga muhabbat, yovuzlikka nafrat bilan qalbi to‘la farzandlari ham qatnashgan. Ikkinchi jahon urushida xalqimiz 500 mingdan ortiq o‘g‘lonlaridan ayrildi va bu katta musibat, katta yo‘qotish edi. O‘zbek xalqining front va front ortidagi fidokorona mehnati va g‘alabaga qo‘shgan beqiyos hissasi, front hududlaridan respublikamizga ko‘chirib keltirilgan yuz minglab insonlarga nisbatan ko‘rsatgan yuksak insonparvarlik fazilatlarini har qancha e’tirof etsa arziydi.
O‘zbekistonga bir millionga yaqin kishi evakuatsiya qilindi. Ularning 200 mingdan ziyodi bolalar bo‘lgan. Yuzlab o‘zbek oilalari bu bolalarni o‘z panohiga oldi.
Tinchlikning qadrini, urushning achchiq zahmatini ko‘rgan insonlardan, farzandini frontga yuborgan onalardan, otasini ko‘rmay ulg‘aygan norasidalardan so‘rang. Urush haqida so‘z ochilganda kishi borki bir oz sukutga ketadi. Urushni ko‘rgan, jang vahimasini sezgan odam borki, o‘sha davr haqida eslaganda ko‘ziga yosh oladi, ichini titroq bosadi. Musaffo osmon va xotirjamlik eng aziz ne’mat ekanligini qayta va qayta takrorlaydi.
Urush tugadi, ancha vaqtlar o‘tdi, ammo o‘sha davr odamlari urush damlarini har gal alam va o‘kinch bilan yodga oladilar. Ularning urush haqidagi xotiralarini tinglab, kattalarning duosi nima uchun aynan “Tinchlik-xotirjamilik bo‘lsin” so‘zi bilan boshlanishini, tinchlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini anglab yetasan kishi. Qalb xotirjamligisiz har daqiqa “sovuq” xabar kelishi mumkinligini bilib eshikka termulib, kun o‘tkazish naqadar og‘ir. Buni biz – bugungi osuda va tinch zamon vakillari tom ma’noda anglamaymiz.
Oradan qancha vaqtlar o‘tdi, qancha suvlar oqdi – bugun hayotimiz tinch, osuda, osmonimiz musaffo. Ammo, urush xotiralari hamon og‘riqli bo‘lib qolaveradi. Bugungi osoyishta kunlarda ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, iymoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish milliy qadriyat sifatida shakllanib, 9 may – tom ma’noda Xotira va qadr kuniga aylandi. Zero, xotira – orta qolgan umrimizning har bir daqiqasi, kechagi o‘tmish, ajdodlar o‘giti, milliy merosimizni anglatib turuvchi chiroqdir. Qadr esa insonni yuksaklikka ko‘tarib, unga oliyjanoblik bag‘ishlaydi.
Tinchlik jamiyatda adolat, tenglik, barqarorlik va farovonlik hukm surayotganini, hammaning hayotdan rozi ekanini ko‘rsatadigan eng muhim mezondir. Ana shunday ulug‘ ne’matni asrab-avaylash va qadrlash bo‘yicha ham mamlakatimiz boshqalarga ibrat bo‘lib kelayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi.
Bugun hayotimiz tinch, osmonimiz musaffo – ammo bu ne’matlarni qadriga yetmaslik, kelajak avlod uchun asramaslik mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik lozim. Front va front ortida bizning bugungi tinch hayotimiz uchun to‘kilgan har bir tomchi qon haqqi, har bir to‘kilgan tomchi ko‘z yoshi haqqi, biz bugungi tinch hayot, musaffo osmon va qalb xotirjamligini kelajak avlod uchun asrab-avaylashimiz, uning qadr-u qimmatini zamondoshlarimizga tushuntira olishimiz darkor.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibotiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonlik jangchilarning ko‘rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib qoladi. Biz mana shunday mard va jasur ota-bobolarimizning avlodlarimiz, davomchilarimiz. Ularning orzulari, kurashgan maqsadlari uchun qo‘limizda mustaqil va tinch yurt bayrog‘ini baland ko‘taramiz, ko‘ksimizga g‘urur bilan “Sharaf tasmasi”ni taqamiz. Bugungi Yangi O‘zbekistonning har bir farzandi “ular” biz farovon yashashimiz uchun jon qurbon qilganliklarini anglashi, qalbdan sezishi lozim. Zero, “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi!”
Muhayyo Ismailova,
Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Toshkent shahar bo‘limi rahbari