Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov Dushanbega tashrif doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xayriddin Usmonzoda bilan uchrashdi.
Muloqot davomida davlatlarimiz ittifoqchiligini yanada mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, gumanitar almashinuvni kuchaytirish hamda tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. J.Vahobov chegara hududlari o‘rtasida savdo-sotiq ko‘lamini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Bu o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, umumiy infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kichik va o‘rta biznes salohiyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashadi.

O‘z navbatida X.Usmonzoda mintaqa tahliliy markazlari hamkorligini kuchaytirish mintaqaviy farovonlik, barqaror rivojlanish, suv-energetika tizimini takomillashtirish, shuningdek Markaziy Osiyoni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ijobiy o‘zgartirishga xizmat qiladigan muhim masalalarni chuqur va har tomonlama muhokama qilish imkonini yaratishini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan MOXI va Strategik tadqiqotlar markazi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik, ikki tomonlama va mintaqaviy vazifalarni hal etish yo‘lidagi uzviy faoliyat alohida ahamiyat kasb etishi bir ovozdan ma’qullandi.


Uchrashuv yakunida ikki institut rahbarlari 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik rejasini imzoladilar. Ushbu hujjat akademik sheriklikni kuchaytirish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish, mintaqaviy masalalarga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etish va muntazam ravishda ilmiy nashrlar chop etishga qaratilgan aniq choralarni jamlagan.
G‘.Xonnazarov, O‘zA