9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyatidagi olis va chekka mahallalarda ham mehnat fronti faxriylariga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” esdalik yubiley medali hamda bir martalik pul mukofotini topshirish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 25-fevraldagi tegishli farmoniga muvofiq Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida mardonavor mehnat qilgan faxriylarni yo‘qlab xonadonlariga borayotgan harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ularga cheksiz izzat-ikrom ko‘rsatib, Vatanimiz tinchligi, mamlakatimiz rivoji yo‘lidagi mashaqqatli mehnatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqda. Ko‘kraklariga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” esdalik yubiley medalini taqib, bir martalik pul mukofoti va sovg‘a-salomlarini topshirayotir.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Oltinsoy tumanidan ham bilagi kuch olgan insonlar jang maydonlariga jo‘natildi. Qolganlari esa front ortida tinim bilmay ishladi. Kunu tun qo‘sh haydab, turli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirdi. Go‘sht uchun chorva mollarini boqdi. Topgan narsasini jamlab, frontga jo‘natdi.

Tuman mahallalarida umrguzaronlik qilayotgan mehnat fronti faxriylari ularni tabriklash uchun kelayotgan mehmonlarga ana shunday og‘ir, mashaqqatli hayot yo‘llari haqidagi xotiralarini so‘zlab bermoqda. Jangu jadallarda hozirgi osuda, obod hayotimiz uchun mardlarcha halok bo‘lgan qavmu qarindoshlarini, do‘stu birodarlarini yod etayotir. Hozirgi osoyishta turmush uchun shukrona aytmoqda.

– Urushning nomi o‘chsin, – deydi tumandagi Shohcha mahallasida yashaydigan mehnat fronti faxriysi Soatmurod bobo Yaziyev. – Vatan himoyasi uchun front ortida turib, mehnat qilgan yillarni eslasam, uyqusiz tunlar, og‘ir mehnat ko‘z oldimdan birma-bir o‘taveradi. Ishchilar yetishmasligi sababli urushga ketganlar uchun ham mehnat qildik. Usti-boshimiz yupun, xonadonlarimizda oziq-ovqat yetarli bo‘lmasa-da, topgan, tutganimizni frontga jo‘natdik. Bir qultum suv bilan bir burda qotgan nonga qanoat qilib yashadik. Endi mamlakatimiz tinch. Yurtimiz obod. Bozorlarimiz to‘kin-sochin. Farzandlarimiz sog‘-salomat. Ularning baxtli hayotlaridan quvonamiz. Prezidentimizning bizga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari yoshimizga yosh qo‘shmoqda. Belimizga quvvat bermoqda. Bunday e’tibor uchun har tong yurtimizga tinchlik, amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga bardavomlik tilab, duoga qo‘l ochamiz. Yoshlarga pandu nasihat berib, osuda, to‘kin yashayotganimizga shukrona aytamiz.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri