O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi «Tenge Bank» ATB tomonidan reklamaga oid qonunchilik buzilganini aniqladi.
Qo‘mitaning axborotida aytilishicha, reklama materiali “Tenge 24” platformasi orqali ommaviy axborot vositalarida joylashtirilgan. Unda 50 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda “oson” onlayn-mikroqarz olish taklif etilgan. Ammo “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasi talablariga rioya etilmagan holda moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda mikroqarzning yillik foiz stavkasi, mikroqarz muddati va miqdori kabi shartnomaning muhim shartlari ko‘rsatilmagan.
Shu bois, qo‘mitaning maxsus komissiyasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari talablarini buzganlik to‘g‘risida ish ochdi. «Tenge Bank» jarimaga tortilib, aniqlangan qonunbuzarlikni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma oldi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA