– Bundan keyin hind suvi faqat Hindiston uchun oqadi, davlatimiz manfaatiga xizmat qiladi, saqlanadi va taraqqiyotimiz yo‘lida ishlatiladi, – dedi Bosh vazir Narendra Modi.
Aynan Pokiston tilga olinmasa-da, uning izohi qo‘shni davlat bilan 65 yillik suv taqsimoti shartnomasi to‘xtatilganidan 15 kun o‘tib yangragani xavotirli. Ikki mamlakat munosabati o‘tgan oy Hindiston hududidagi Kashmir mintaqasida jangarilar sayyohlarga uyushtirgan halokatli hujumdan so‘ng keskinlashdi. Dehli Pokistonni transchegaraviy terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda aybladi, Islomobod ayblovni qat’iy rad etdi. Bugun hind harbiylari Kashmirdagi to‘qqiz hududga raketadan zarba yo‘llashi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgani aytildi.
Hindistondan oqib keladigan bir necha daryo Pokistondagi fermer xo‘jaliklarining 80 foizini obi hayot bilan ta’minlaydi. Islom Respublikasi rahbarlari avvalroq suv oqimini to‘xtatishga qaratilgan har qanday urinish “urush harakati sifatida qabul qilinishi”dan ogohlantirgandi.
Musulmon Ziyo, O‘zA