Turkiyaning qadimiy Ko‘nyo shahrida “Mavlono Rumiy va Alisher Navoiy: Onado‘lidan Xurosonga qadar ilm va hikmat yog‘dusi” xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tgani to‘g‘risida xabar bergan edik.
Mazkur anjumanda ishtirok etgan albaniyalik olima, Tirana universiteti professori Lindita Xhanari o‘z ma’ruzasida Hazrat Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarining o‘zbek olimlariga ma’lum bo‘lmagan qo‘lyozmasi mavjudligi haqida ma’lumot berdi.


Olimaning ta’kidlashicha, Albaniya adabiyoti XVII - XVIII asrlarda arab yozuvidagi arab, fors va turkiy madaniy merosning ta’sirida rivojlangan. – Albaniyada Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalari ko‘plab shaxsiy kolleksiyalarda, ayrimlari Albaniya davlat arxivi va Tirana universiteti fondlarida saqlanadi. Ayniqsa, Harzatning “Mahbub ul-qulub” asarining yangi qo‘lyozmasi alohida ahamiyatga ega. Mazkur asar Nazim Frekulla, Hasan Ziko Frakiri va Dalip Frashiri kabi alban ijodkorlarining poetik olami shakllanishiga katta ta’sir o‘tkazgan, deydi olima.
O‘zA