Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida Markaziy Osiyoda giyohvandlik vositalari tarqalishining oldini olish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining “CADAP” dasturi doirasida mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralariga maxsus texnika hamda uskunalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari, “CADAP” dasturi rahbarlari va mutaxassislari, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Narkotik moddalarni nazorat qilish qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi vakillari ishtirok etdi.
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov giyohvandlikka qarshi kurashish sohasida ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun Yevropa Ittifoqi vakillariga minnatdorlik bildirdi.
2001 yilda ishga tushirilgan “CADAP” dasturi Yevropa Ittifoqining tashabbusi bo‘lib, u Markaziy Osiyo mamlakatlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga va ularning Yevropa davlatlariga tranzitiga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan.
[gallery-23200]
O‘tgan davr mobaynida mazkur dastur doirasida 800 nafardan ortiq mahalliy mutaxassis Yevropa mamlakatlarining yetakchi muassasalarida hamda ixtisoslashgan xalqaro markazlarida malaka oshirib, tajriba almashdi.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Bu hamkorlik nafaqat siyosiy sohada, balki jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish borasida ham mustahkamlanmoqda. Bu borada o‘zaro manfaatli hamda tizimli hamkorlik davom ettiriladi.
“CADAP - 7” dasturi direktori Ernest Robello taqdim etilgan maxsus texnika va uskunalar nafaqat tegishli idoralarning tahliliy va texnik salohiyatini kuchaytiradi, balki hamkorlikni hamda real vaqt rejimida ma’lumot almashishni ta’minlash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Ishtirokchilar sintetik giyohvandlik vositalari tarqalishining keskin oshganligi va ushbu sohada internet tarmog‘i, messenjerlar hamda anonim to‘lov tizimlaridan aktiv foydalanilayotgani bilan bog‘liq zamonaviy tahdidlarga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbir yakunida tomonlar “CADAP” dasturi doirasidagi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish transmilliy giyohvandlik jinoyatchiligiga qarshi samarali kurashishga imkon yaratishiga ishonch bildirdi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA