Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirib, ma’naviy qiyofasini shakllantirishni jamiyat taraqqiyotining muhim omili, deb bilishgan va bu – ayni haqiqatdir.
Eslatib o‘tish lozimki, odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko‘y miqyosida ahamiyatli bo‘lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigan yoqimli insoniy xatti-harakatlarning majmui.
Axloq esa – jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo‘la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig‘indisidir.
Axloqning shakllanishi va ijtimoiy o‘rnida dinning ahamiyati katta. Insonga yomonlikning zararlarini bayon qilish va egri yo‘lga kirganlarni to‘g‘ri hayot zavqiga da’vat etish ham muqaddas Islom dinning vazifalaridandir.
Yangi O‘zbekiston davrida diniy-ma’naviy merosni asrash, targ‘ib qilish va zamonaviy texnologiyalar orqali jamoatchilikka yetkazish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ijtimoiy-axloqiy va tarbiyaviy ahamiyatga molik hadislar jamlanmasining elektron bazasini yaratish rejalashtirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida 1500 ta hadisni o‘z ichiga olgan elektron baza shakllantiriladi. Unda inson odobi, oila, muomala madaniyati, halollik, adolat, sabr-toqat, mehr-oqibat kabi turli mavzularga oid hadislar jamlanadi.
Bu baza katta manba vazifasini o‘taydi, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida. Ayniqsa, markazga tashrif buyuruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular bo‘yicha hadislarni izlab topish, o‘qish va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu, shuningdek, hadis ilmini ommalashtirish, yosh avlodga Islom axloqi va odoblarini singdirishda muhim rol o‘ynaydi.
A.RUSTAMOV, O‘zA