O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi hamda “Mahalla” telekanali hamkorligida Milliy kino san’at saroyida yozuvchi Vali G‘ofurov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Mehribonginam” deb nomlangan hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi.
Turdiali Normativ ssenariysi asosida tayyorlangan mazkur film taqdimotida yozuvchining farzandlari, nabiralari, taniqli yozuvchi hamda rejissyorlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Ikkinchi jahon urushidan ikkita ko‘zidan ajralib qaytgan Vali G‘ofurov o‘zida sabr, matonat topib, brayl yozuvini o‘rganadi. Albatta, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish inson uchun haqiqiy fojea. Taqdirning zarbasini yengishga yozuvchining yaqin insonlari ko‘maklashadi. Natijada Vali G‘ofurovning igna bilan yozilgan asar nomini olgan “Vafodor” romani yaratiladi. Ushbu kitob o‘z davrida qo‘lma-qo‘l bo‘lib sevib o‘qiladi. Nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlarda ham mashhur bo‘ladi.
– Biz oilada sakkizta farzand bo‘lganmiz, dadamning birortamizni qattiq gapirib urushganlarini eslolmayman, – deydi Umida G‘ofurova. — Dadam juda ham og‘ir-vazmin, bosiq inson bo‘lgan. Sal narsaga jahllari chiqib, asabiylashmasdi. Onam ham mehribon ayol edi. Ayniqsa, dadamni boshqacha e’zozlardi. Ko‘chaga chiqishlaridan oldin tuflilarini yaltillatib, hatto ko‘zoynaklarini ham artib, tozalab ozoda kiyimlarini kiydirib, keyin chiqarardilar. Uyimizga yordam so‘rab kelganlarning qo‘lini hech qachon quruq qaytarishmagan. “Mehribonginam” filmi juda yoqdi. Hozirgi yoshlarga ibrat bo‘lishi uchun bunday filmlarni ko‘proq ko‘rsatish kerak.
Premeradan so‘ng taniqli rejissyorlar tomonidan filmning yaratilish jarayoni, aktyorlik mahorati xususidagi fikr-mulohazalar tinglandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/lgG3wX4Clk0?si=r15tqpKKNqQfqVCm" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
A.Sodiqov (video), U.To‘xtayev (montaj), O‘zA