Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Hisob palatasining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Abdullayev ma’ruza qildi:
– Hisob palatasi o‘z faoliyatini davlatning mustaqil va xolis audit organi sifatida xalqaro standartlar asosida amalga oshirmoqda. 2024 yil davomida Davlat byudjeti va uning ijrosi bo‘yicha, tegishli vazirlik va idoralarda 59 ta audit tekshiruvlari o‘tkazildi. Jumladan, 2025 yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va Vazirlar Mahkamasiga tegishli xulosalar berildi. Shuningdek, byudjet loyihasini takomillashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi. Shu asosida 2025 yilgi Davlat byudjet daromadlari 2,8 trillion so‘mga oshirildi. Byudjet xarajatlarini esa 1,7 trillion so‘mga kamaytirish imkoniyatlari aniqlanib, tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Shu bilan birga, mahalliy byudjet daromad va xarajatlarining Davlat byujdetiga muvofiqligi tekshiruvdan o‘tkazildi. 14 ta hudud byudjet loyihasida davlat dasturlarida belgilangan chora-tadbirlar uchun 2,1 trillion so‘m kam mablag‘lar rejalashtirilgani aniqlandi.
Bugungi kunda “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinib, unga 37 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazalari integratsiya qilindi. Tizimda 28 ta xavf tahlil mexanizmlari, 447 ta modullar ishga tushirildi. Jumladan, axborot tizimi orqali qonunga zid bo‘lgan davlat xaridlari buyurtmalari va to‘lovlarini onlayn to‘xtatish moduli yaratildi. Axborot tizimi orqali aniqlangan xavf tahlillar vazirlik va idoralarga real vaqt rejimida yuborilib, ijro nazorati ta’minlanmoqda.

Shu bilan birga, davlat xaridlarida qonun buzilishlarining oldini olish uchun 2024 yilda 24 ta audit tadbirlari o‘tkazildi. Davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari doirasida 141,5 trillion so‘mlik 1,7 millionta shartnoma imzolangan. O‘tkazilgan audit tadbirlari davomida byudjet intizomiga oid jami 720 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olindi, — dedi ma’ruzachi.
Shuningdek, ma’ruzada Hisob palatasining davlat moliyaviy nazoratini raqamlashtirish, zamonaviy audit va nazorat usullarini tatbiq etish yo‘nalishidagi faoliyati, davlat byudjetining sarflanishi bo‘yicha tahlillar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, xalq vakillari shu yil 5 mart kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident tomonidan davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni 2 barobar kamaytirish masalasi ilgari surilgani, bu borada qanday choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqdilar.
Bunga javoban Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova bu borada yangi farmon loyihasi ishlab chiqilgani va unda davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga moratoriy e’lon qilish nazarda tutilgani hamda bu borada ko‘rilayotgan boshqa choralar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, davlat xaridlarida o‘rtacha narxlarni belgilab beradigan va hamma hududda ko‘rinib turadigan raqamli tizim ustida ish olib borilayotganini ta’kidladi. Raqobatli tarzda amalga oshirilayotgan davlat xaridlarida byudjet mablag‘lari iqtisod qilinayotganini qayd etdi.
Deputat Anvarxon Temirov Kabag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga quyidagi savol bilan yuzlandi:
— Kabag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining asosiy vazifasi aholini ish bilan band qilish va ularni kambag‘allikdan chiqarishdan iborat. Ammo berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kasb-hunar markazlarida o‘qitilgan fuqarolarning 30 foizi ish bilan ta’minlanmagan. Sarflangan byudjet mablag‘lari esa samarasiz ketyapti. Hududlardagi bandlik markazlari reja to‘ldirish uchun ishlayotganga o‘xshayapti. Lekin rejani to‘ldirish uchun mablag‘ ajratish emas, balki aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan, davlat siyosatiga munosib ish olib borish kerak. Vazirlik bu kabi holatlarni o‘rganyaptimi, qanday choralar ko‘ryapti?
Bunga javoban Kabag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakili quyidagilarni qayd etdi:
— 2022-2023 yil hamda 2024 yilning 6 oyi davomida kasb-hunar markazlarida o‘qitilganlarning 30 foizi ish bilan ta’minlanmaganini o‘rganganimizda, aksariyati oshpazlik, qandolatchilik va tikuvchilikka o‘qitilgan. Ularning aksariyati bilan suhbatlashilganda, ular daromad uchun emas, oilasi, o‘zi uchun o‘rgangani yoki ayrimlari turmushga chiqqani, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul ekanligini aytgan. Endilikda vazirlik tomonidan bu tizim butunlay yangilandi. Ya’ni, ish beruvchining talabiga ko‘ra, ish joyi aniq bo‘lgandan keyin o‘qitiladi. Shu bilan birga, bugungi mehnat bozoriga mos keladigan 12 ta kasb-hunarlarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Kasbga o‘qitish va aholini ish bilan ta’minlash ishlari vazirlikning nazoratiga olindi.
Muhokamalarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalari a’zolari Hisob palatasining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotiga o‘z munosabatlarini, takliflarini bildirdi. Qizg‘in muhokama va taklif-tavsiyalardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tasdiqlanib, tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA