Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalarining muhokamasi hamda parlament nazoratiga oid masalalarni ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Spiker N.Ismoilov mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea-hodisalar haqida to‘xtaldi. Jumladan, davlatimiz rahbarining 1-2 may kuni Xorazm viloyatiga tashrifi, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati bilan tanishib, fuqarolar bilan muloqotda bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan, me’moriy yechimi bilan noyob loyiha bo‘lgan “Arda Xiva” majmuasi bilan tanishdi. 25 gektarlik maydonda barpo etilgan ushbu majmua hududga sayyohlarni yanada keng jalb etishga xizmat qiladi, viloyatning ikkinchi tashrif qog‘oziga aylanadi.
Shuningdek, Spiker 2 may kuni Urganch tumanida Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilish, unda bildirilgan takliflar xususida to‘xtalib, Xorazmdan saylangan parlament vakillari ham vazifalar ijrosi jarayonlarida faol ishtirok etishi lozimligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, N.Ismoilov ayni kunlarda yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan mahalla raislari saylovi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Mazkur saylovlar yangicha demokratik tamoyillar hamda ochiqlik asosida o‘tayotgani, mahalla raislarining vakolat muddati 5 yil etib belgilangani, keyingi yillarda mahallalarga ko‘plab vakolatlar berilganini aytib o‘tdi.
M.Komilova, O‘zA