Vatanimiz tarixidagi 6 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1440 yil (bundan 585 yil oldin) – temuriylar saroyida xizmat qilgan oltmish besh yoshli tarixchi Fasih Ahmad Xavofiy temuriyzoda Shohruxning xotini, malika Gavharshod begimning g‘azabiga uchrab, qisqa muddatli qamoqqa hukm qilindi. Manbalarda keksa tarixchining qaysi harakati temuriy malikaning g‘azabini keltirgani haqida ma’lumotlar uchramaydi.
1442 yil (bundan 583 yil oldin) – tarixchi Fasih Ahmad Xavofiy Temuriylar hukmdori Shohruxning qabulida bo‘lishga erishdi. Ayni shu uchrashuvda Fasih Xavofiy Shohruxga o‘zining “Mujmali Fasihiy” (“Fasih to‘plami”) kitobini takdim etdi. Mazkur asar debocha, muqaddima, 2 maqola va xotimadan iborat. Asarning asosiy qismida Fasih Xavofiy arab xalifalari, safforiylar, somoniylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar, g‘uriylar, xorazmshohlar to‘g‘risida ma’lumot bergach, temuriylar tarixiga batafsil to‘xtalgan.
Asarda, shuningdek, shoirlar, faqihlar, muhaddislar, shayxlar, shuningdek, iqtisodiy va madaniy hayot, o‘sha paytda qurilgan me’moriy obidalar haqida mufassal ma’lumot berilgan. Asar xotimasi Hirot shahriga bag‘ishlangan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, mazkur asar tarixchi olima, akademik Dilorom Yusupova tomonidan fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, 2018 yilda nashr etildi.
1529 yil (bundan 496 yil oldin) – Gagra daryosi bo‘yida Bobur qo‘shini bilan hindistonlik afg‘on qo‘shinlari o‘rtasida tarixiy to‘qnashuv bo‘ldi. Mazkur Gagra jangi Bobur shaxsan o‘zi ishtirok etgan oxirgi urush hisoblanadi. Ibrohim Lo‘diyning ukasi Mahmud Lo‘diy Panipat jangidan co‘ng Biharda yirik qo‘shin to‘plashga muvaffaq bo‘lgan va Boburga tegishli Chunor qal’asini qamal qilgan. Unga qarshi Askariy boshliq qo‘shin jo‘natilgan. So‘ngra Boburning shaxsan o‘zi Mahmud Lo‘diyga qarshi otlanib, Allohobod, Chunor va Banorasni bo‘ysundirgan, so‘ng raqibni ta’qib qilib, Gagra daryosi bo‘yida jangga kirishgan. G‘alabaga erishgan Bobur Bengal qo‘ltig‘igacha bo‘lgan hududni o‘z davlati tasarrufiga kiritgan. Gagra jangida Bobur yangi katta o‘lchamli to‘plarni ishga solgan.
1903 yil (bundan 122 yil oldin) – rus podshosi Nikolay II Buxorodagi “Rossiya imperatorligining siyosiy agentligi” vakolatxonasi huquqlarini kengaytirdi. Mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishga xizmat qilgan bu muassasaga barcha siyosiy-iqtisodiy, harbiy masalalar yuzasidan Buxoro amiri hukumati bilan munosabatda bo‘lish, amir va uning vazirlari ustidan nazorat o‘rnatish, Zarafshon daryosining suv taqsimoti bilan shug‘ullanish, Buxoro-Afg‘oniston chegaralarini kuzatib turish, Buxorodagi rus qarorgohlarida gazetalar va teatr pesalari ustidan nazorat o‘rnatish huquqlari berildi.
1907 yili (bundan 118 yil oldin) – Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lkasida birinchilardan bo‘lib faoliyat yuritgan kredit shirkati tashkil qilindi. Ushbu kredit shirkatining ustav loyihasi, ssuda-omonat shirkatlarining umumiy faoliyat yuritish tartibi bo‘yicha tuzildi. Kredit shirkatlarning ustavida ko‘rsatilishicha, ular o‘z zimmalariga shirkat a’zolariga xo‘jalik ishlarini yaxshilash va qo‘shimcha asbob uskunalar sotib olish uchun ssudalar berib, ahvolini yengillashtirishda vositachilik vazifasini olishlari kerak edi. Ssuda-omonat shirkatlarining maqsadi ham shundan iborat bo‘lib, faqat qo‘shimcha ravishda daromad foizini yig‘ib olish imkonini berardi.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – Qo‘qon savdogarlaridan Tojiddinboy xonadonida tashkil etilgan yangi usul maktabida imtihon majlisi bo‘lib, unga Qo‘qonning mashhur ulamolaridan Kamoliddin qozi ham taklif etildi. Shu davrdagi to‘y va marosimlarning dabdababozligiga taqlidan imtihon majlislariga ham katta sarf-harajatlar qilish odat tusiga kirmoqda edi.
Tarixchi Tohirjon Qozoqovning qayd etishicha, bunga Kamoliddin qozi o‘z e’tirozini bildirgan: “Min ba’d imtihon majlislarini imkoni boricha soddalashdirulsun, hech kimga to‘n va boshqa narsa berilmasun. Agar bul to‘g‘riga yoki usuli jadidga e’tiroz etguvchi bo‘lsa, shariatga muvofiq jazosini berurman...”, – deb shariatda qoralangan isrofgarchiliklarni qattiq tanqid qiladi. Uning bu fikrlarini jadidlar o‘z gazetalari sahifalarida bosib chiqarganlar.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi “Turkiston Favqulodda komissiyasi to‘g‘risida” yangi nizom qabul qildi. Nizomga asosan, favqulodda komissiyalar faoliyati markazlashtirildi. Xususan, Toshkentda favqulodda komissiyaning markaziy idorasi Turkiston Favqulodda komissiyasi tashkil topdi va u quyi idoralarni nazorat qilib bordi.
1934 yil (bundan 91 yil oldin) – Marg‘ilon shahar 166-uchastka Xalq sudyasi traktor brigadasining brigadir-mexanigi Zokir Ismatovni yerni shudgor qilish rejasini bajarmaganligi va yoqilg‘ini ortiqcha sarflagani uchun besh yil ozodlikdan mahrum etdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekistonda qatag‘on avjiga chiqqan 1936–1939 yillarda sho‘ro vakillari fuqarolarni hibsga olish va qamash uchun har xil ayblarni o‘ylab topar edilar: kunlik normani bajarmadi, reja va majburiyatni uddalay olmadi, paxtani iflos qildi, ishga chiqmadi va hokazo.
1982 yil (bundan 93 yil oldin) – Farg‘ona vodiysining Chimyon shaharchasi atrofida zilzila ro‘y berdi. Avvaliga portlashga o‘xshash tovush eshitilgan va bir zumda yer qattiq silkinib, hamma joyda chang-to‘zon ko‘tarilgan. Tog‘larda o‘pirilish, ko‘chki va tosh ko‘chish jarayonlari boshlangan.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent arxitektura-qurilish institutini tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Tailand Qirolligi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida” Qonun qabul qilindi. Bu hujjatda yangi o‘zbek alifbosi 26 ta harf, 3 ta harf birikmasidan iborat ekanligi; s, ɉ harflari mustaqil harfiy belgi sifatida 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan alifbodan chiqarilganligi; Ō ō harfi O‘ o‘ shaklida, Ḡ ḡ harfi G‘ g‘ shaklida, Ş ş ѕarfi Sh sh shaklida, Ç ς harfi Ch ch shaklida, N̅ n̅ harfi Ng ng shaklida ifodalanishi ko‘rsatilgan.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Belgiya Qirolligi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qo‘shma qirolligi, Xitoy Xalq Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi elchixonasini ochish to‘g‘risida qarorlari qabul qilindi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent islom universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalar ko‘rsatayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA