Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator muhim masalalar va qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan 6 ta vazirlik va idora, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vazifa va vakolatlari aniqlashtirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, turli ko‘rinishdagi tabiiy ofatlar yoki texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda fuqarolarning xavfsizligi va salomatligini asrash, buning uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rish eng birinchi galdagi vazifalardan sanaladi. Mazkur hujjat loyihasidagi normalar bu boradagi ishlarni tashkil etishda mas’ul vazirlik va idoralarning vazifa va vakolatlarini yanada aniq belgilab beradi.
– Ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hamkorligini yanada jonlantirish lozim, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Mamadaliyev. — Shu maqsadda mazkur qonun loyihasi bilan vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishdagi vazifalari, vakolatlari belgilab berilmoqda. Loyihadagi normalar aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararni baholash va qoplashning huquqiy asoslarini mustahkamlashga zamin bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VHEiWzdwaq4" title="Favqulodda vaziyatlar holatida mas’ul idoralarning vakolatlari aniqlashtirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA