Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston ishonchli front orti hududga aylanib, bu yerga 1,5 milliondan ortiq aholi, jumladan, 250 mingdan ortiq bolalar ko‘chirib keltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Xalqimiz bu odamlarning barchasiga chinakam mehr va e’tibor ko‘rsatdi, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etdi”.
Ko‘chirilgan oilalarga, ularning farzandlari va ota-onasidan ayrilgan yetim bolalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi. Ota-onasi frontda jang qilgan va halok bo‘lgan bolalarni oilalarga qabul qilish bo‘yicha aholi o‘rtasida ish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonliklarning evakuatsiya qilingan bolalarga nisbatan mehribonligi Sabina Kiselning xotiralarida o‘z aksini topgan. Urushdan keyingi yillarda yozgan maktubida u evakuatsiya davri va o‘zbeklarning yordamini minnatdorchilik bilan eslaydi: “1941-yilning o‘rtalarida biz O‘zbekistonga ko‘chirildik, u yerda Buxoro yaqinida bo‘ldik. Men faqat bolalar eslab qoladigan o‘ziga xos lahzalarni eslayman. O‘sha yillarda ko‘chib o‘tish va yashash joyini o‘zgartirish paytida O‘zbekiston aholisi har qadamda yordam ko‘rsatdi, bizni o‘z himoyasiga oldi, samimiy va do‘stona munosabatda bo‘ldi".
"Tarix haqiqatlari" loyihasining navbatdagi sonida M.V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali katta o‘qituvchisi Madina Abduraxmanova bilan Ikkinchi Jahon urushi vaqtida O‘zbekistonga 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingani, o‘zbek xalqining mehmondo‘st, bolajon, bag‘rikeng xalq bo‘lganligi to‘g‘risida suhbatlashdik.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3R4YUk1-5eI?si=8-UP6lvu23F4P8yn" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA