2025 yil 22 aprelda “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi?
Qonunda nimalar nazarda tutilgan? Bu savolga Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev javob berdi:
– Qonun bilan undiruvni garov narsasiga sud tartibida va suddan tashqari tartibda qaratish, garovga oluvchining garov narsasiga bo‘lgan huquqlari ustuvorligini ta’minlashdagi muammolar va qonun hujjatlaridagi nomuvofiqliklar bartaraf etildi.

Fuqarolik kodeksi va “Garov to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, garov bilan ta’minlangan majburiyatning qarzdor tomonidan to‘lanmagan summasi garov qiymatining o‘n besh foizidan kamroqni tashkil qilsa va garov bilan ta’minlangan majburiyat bajarilishining kechikishi uzluksiz uch oydan kam bo‘lsa, garov bilan ta’minlangan majburiyatning buzilishi juda arzimas, deb hisoblanadi.
Garov bilan ta’minlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas bo‘lsa va shu tufayli garovga oluvchi talablarining miqdori garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatiga aniq mos kelmasa, undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish rad etilishi mumkin.
Garovga qo‘yilgan mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotuv narxi garovga qo‘yuvchi va garovga oluvchi o‘rtasidagi kelishuv asosida, ular o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lgan taqdirda esa, mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.
Garov narsasi hisoblangan mol-mulk garovga qo‘yuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilganda, garovga oluvchida o‘z talablarini ana shu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolindi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga garovga qo‘yilgan mol-mulk bilan ta’minlangan majburiyatlarni ijro etishda undiruv ushbu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, garovga qo‘yilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan boshlang‘ich realizatsiya qilish narxi sud qarori bilan belgilanishi bo‘yicha norma kiritildi.
“Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, to‘lovlarni to‘lash muddatlari muntazam ravishda o‘n ikki oy davomida uzluksiz uch oydan ortiq buzilgan taqdirda undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratiladi.
N.Abduraimova, O‘zA