Urganchdan Xiva shahriga kirib kelyapmiz. Ochiq osmon ostidagi muzey shahar – “Ichan qal’a”ga yaqinlashayapmiz. Shu pallada katta yo‘lning o‘ng tomonida yana bir yangi ulkan majmua – “Arda Xiva” ko‘rinadi. Xayolda bir fikr aylanadi – endi bu qadim kentning ikki gavhari bor.
Keyingi yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar bugun samara bermoqda.
Buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan o‘ttiz barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.
Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani xayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik marshrut ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetkazildi.
Xorazm shunday zaminki, bunda inson shuuri sehrli diyorda yurganini ich-ichdan his qilib turadi. Xayolda beixtiyor Prezidentning viloyatga o‘tgan yillardagi tashrifi gavdalanadi.
O‘tgan yilning 29 fevrali. Prezident Xorazmda. O‘shanda ulkan iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshoot – Amudaryoda yangi ko‘prik ochilgan.
Shu yilning 2 may sanasi. Davlat rahbari yana Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Bu gal so‘zimiz boshida ta’kidlaganimiz – Xivada ulkan kompleks, “Arda Xiva” turizm majmuasi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Prezident ishtirok etdi. Unda viloyatning buyuk o‘tmishi va bugungi turizm salohiyati haqida so‘z bordi.
Bir so‘z bilan aytganda bu sana elning yodidan chiqamaydigan, tasavvurlarni miloddan avvalgi yillarga va nurli kelajakka olib keta oladigan voqealarga boy bo‘ldi.
– Bu Xorazmda qisqa davr – bir yilda qurilgan go‘zal ansambl, – deydi Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari Botir Saidov. – U qadim kent ichra yana bir betakror shahar bo‘ldi. Mazkur maskan me’moriy yechimi bilan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan noyob loyiha sanaladi. Shaharcha hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonga qurildi. Majmuaning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi. Bugungi kunda bu yerda xalq sayllari bo‘lib o‘tmoqda. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari tashkil etildi. Sharqona bozor rastalaridan o‘zimizda yetishtirilgan mahsulotlar joy oladi.
Darhaqiqat, bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik yaratildi. Xususan, qadimiy shahar muhitini beruvchi ob’ektlar, jami ming o‘rindan ortiq qator mehmonxonalar qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.
Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, “Ko‘hna Urganch” muzeyi hududga o‘zgacha ruh berib turibdi. Ko‘priklar, to‘rt kilometrlik sohil bo‘yi hamda ikki kilometrlik qayiqda sayr qilish uchun qurilgan kanal shahar me’moriy yechimiga uyg‘unlashtirildi.
Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, park, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi ob’ektlari hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurildi.
Turizm markazi hududidagi barcha ob’ektlar uchun yagona – sovitish, isitish tizimi barpo etildi. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatildi.
Darhaqiqat, majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Muhimi loyiha natijasida ikki mingdan ziyod ish o‘rni yaratilmoqda.
“Arda Xiva” Samarqand Xalqaro turizm markazi, Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” madaniyat va istirohat bog‘i, Andijondagi Bobur shahri kabi shu hududning zamonaviy “tashrif qog‘oz”laridan biriga aylanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3ccKTsKWEts?si=_IdGU_IPFp6OsVwV" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri